Avval o‘zingga boq... Xitoy AQSHda inson huquqlari buzilishi surunkali “dard”ga aylanganini da’vo qildi
Olam
−
20 aprel 2022
10964AQSHda inson inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar “surunkali tizimli muammo”ga aylangan. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati Qo‘shma Shtatlardagi ijtimoiy vaziyatning doimiy ravishda yomonlashishiga e’tibor qaratmoqda.
“Biz Qo‘shma Shtatlardagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashib borayotganiga e’tibor qaratdik. Bu tizimli xarakterdagi surunkali muammo”, degan u brifingda.
Xitoylik diplomatga ko‘ra, AQSH hukumati irqiy kamsitish, jinoyat va zo‘ravonlik kabi dolzarb muammolarni hal qilishi zarurligini isbotlovchi ko‘plab faktlar mavjud. Van Venbin, shuningdek, “boylarga foyda keltiradigan, kambag‘allarni jazolaydigan” Amerika huquq tizimidagi kamchiliklarga ham ishora qilgan.
“Qo‘shma Shtatlar so‘nggi 20 yil ichida o‘qotar qurollardan foydalanish bilan bog‘liq yirik hodisalar har yili sodir bo‘lgan yagona rivojlangan davlatdir”, deya qo‘shimcha qilgan u amerikaliklar va chet elliklar orasida ommaviy qurbonlarga olib kelgan ko‘plab zo‘ravonlik va qonun buzilishi holatlarini eslab.
Xitoy tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Qo‘shma Shtatlar boshqa mamlakatlarni inson huquqlarini buzayotganlikda ayblash uchun yetarli vakolatga ega emas, deb xulosa qilgan.
Qayd etish kerakki, AQSH doimiy ravishda Xitoyni Shinjondagi musulmon uyg‘urlarni genotsid qilishda ayblab keladi. Ayni shu sabab bilan AQSH va uning ittifoqchilari 2022 yildagi Qishki olimpiya o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilgandi.
Xitoy TIVning bayonotidan ma’lum bo‘ladiki, Pekin AQSHdagi inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlar sabab Vashingtonning ayblovlarini e’tiborga olmaydi va "avval o‘zingga boq, keyin nog‘ora qoq" qabilida ish tutadi.
LiveBarchasi