Avtomobillarni notarial rasmiylashtirmasdan ijaraga olish mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
30 dekabr 2020
9262Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo‘ylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 10 yanvardan karshering tashkilotlari notarial rasmiylashtirmasdan va ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yo‘lovchilar avtotransporti va mototransport vositalarini 30 kungacha muddatga qisqa muddatli ijaraga berish huquqiga ega bo‘ladi.
Karshering tashkilotlarining avtomototransport vositalari maxsus taniqlik belgiga ega bo‘lishi shart.
Avtomototransportlarni qisqa muddatli ijaraga berish bo‘yicha faoliyat Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga kiritiladi.
Shuningdek, avtomototransport vositalarini karshering tashkilotlaridan ijaraga olgan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida mazkur tashkilotlarga “Ma’muriy amaliyot” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan mototransport va velosipedda harakatlanishni taqiqlovchi yo‘l belgilari tanqidiy tahlil qilinib, tegishli harakat yo‘nalishlarida ularni olib tashlash choralari ko‘riladi.
Transport vazirligi mamlakatda velosiped transporti, veloinfratuzilma, veloshering (baykshering) faoliyatini (ijaraga berish) rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, karshering jismoniy shaxslarga, shu jumladan chet el fuqarolariga avtomotransport vositalarini ijaraga va prokatga berish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish faoliyati hisoblanadi.