Avtomobillar ustaxonasida 3 ta mashina yonib ketdi

Jamiyat

image

Guliston shahri “Namuna” mahallasi Bunyodkor ko‘chasida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasida yong‘in yuz berdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi FVV YOXBB Matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha, 28 noyabr kuni soat 05:59 da Sirdaryo viloyati Guliston shahri “Namuna” mahallasi Bunyodkor ko‘chasida joylashgan “Yakka tartibdagi tadbirkor B.Jumaboyev”ga tegishli avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasida yong‘in bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Bo‘linmalar zudlik bilan yetib borgan va yong‘in soat 06:07 da o‘rab olinib, soat 06:34 da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘indan ustaxona binosining 100 kv metr maydoni saqlab qolingan va qo‘shni binolarga alanga o‘tib ketishi oldi olingan. Halok bo‘lgan va tan jarohati olganlar yo‘q. 

Yong‘in oqibatida ustaxonaning ichki qismi 30 kv m maydonda va ichida bo‘lgan ta’mirlashga olib kelingan 3 ta yengil avtomobil: fuqaro Sh.Yu.ga tegishli Lacetti, fuqaro X.M.ga tegishli VAZ 21-011 hamda fuqaro O.B.ga tegishli VAZ 2106 to‘liq yongan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
 

Shahnoza To‘ramurotova


Maqola muallifi

Teglar

yong'in ustaxona

Baholaganlar

57

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing