Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlarini tanqid qilgan imom ustidan shikoyat qildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda imom Sayyid Rahmatulloh Termiziyning yo‘l qurilishi sohasidagi korrupsiya haqida aytgan tanqidi foydalanuvchilar tomonidan ijobiy qarshi olindi. Biroq yo‘lsozlik sohasining “boshi”da turganlar bu tanqid uchun raddiya olish harakatiga tushdi.

Avvalo, Yunusobod tumanidagi “Mirza Yusuf” (Bodomzor) jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy (Rahmatulloh Sayfiddinov) yo‘llar borasida nima deganiga to‘xtalsak. U so‘nggi vaqtlarda katta avtomobil yo‘llari o‘pirilib, ko‘chib ketayotganiga to‘xtalib, soha mas’ullari o‘z vazifasini bajarayotganda korrupsiyaga berilmasa, shunday bo‘lmasligini ta’kidlagan.

“Kattasidan tortib oddiy ishchisigacha “Alloh meni ko‘rib turibdi”, deb yo‘l qursa nima bo‘ladi, birodarlar? Yo‘llar yomg‘ir yoqqach cho‘kib ketmaydi, yangi yo‘l qurilgach yil bo‘yi remont bo‘lib yotmaydi.

Agar Alloh ko‘rib turibdi desa, o‘g‘irlik bo‘lmaydi. 1 km yo‘l quraman deb, 10 ta uchastka bitmaydi. Bir qurilgan yo‘l yillab salomat turadi. Nima bu axir, qanday sharmandalik? Yangi yo‘l tushadi-yu, faqat uni o‘rab, remont qilib yotadi: buyog‘ini endi remont qilsa, buyog‘i cho‘kib ketaveradi.

Hammasi – ana shu e’tiqodning yo‘qligi sabab. Alloh taolo ko‘rib turibdi, degan narsa yo‘q. Faqat o‘g‘irlik, poraxo‘rlik va korrupsiya bo‘lgani uchun. E’tiqodi bor odam ko‘prik qursa, ko‘prigi qulab tushmaydi, birodarlar. E’tiqodi bor odam uy qursa, uyiga odam ko‘chib kirmasdan remont talab bo‘lib qolmaydi, birodarlar!”, degan imom xatib.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi imomning aytganilaridan norozi bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga murojaat qilgan. 

Qo‘mita yo‘l qurilishiga ajratiladigan mablag‘lar talon-toroj qilinishi haqida gapirgan Sayyid Rahmatulloh Termiziy o‘z ma’ruzasiga raddiya berishini so‘ragan.

Qo‘mitaning so‘rovi Musulmonlar idorasi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqish uchun idoraning Toshkent shahar vakilligiga yuborilgan. Vakillikka so‘rovni ko‘rib chiqish uchun joriy yilning 31 mayigacha muhlat berilgan. Ammo idoraning Toshkent shahar vaklligi holat yuzasidan qanday chora ko‘rgani bo‘yicha hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Musulmonlar idorasi

Baholaganlar

265

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing