Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish tartibi tatbiq qilinmaydigan davlat tashkilotlari tasdiqlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaga muvofiq, avtomobil tashuvlarini nazorat qilishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

•    avtotransportda xizmatlar xavfsizligi va sifatini oshirish, avtomobillarda tashuvlar sohasidagi huquqbuzarliklar oldini olish;
•    avtomobil transporti sohasidagi qonunlarga rioya etilishini ta’minlash, shu jumladan litsenziatlar tomonidan litsenziya talab va shartlariga rioya qilinishini ta’minlash;
•    yo‘lovchilar, bagaj va yuk tashish qoidalariga rioya etish, yo‘lovchilar va yuk tashish xavfsizligi, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyatining zarur darajasini ta’minlash, yo‘lovchilar yo‘nalishlarida transport vositalarining bir maromda harakatlanishi, belgilangan harakat jadvali va oraliqlariga rioya etilishini nazorat qilish;
•    tashuvchilar tomonidan yo‘lovchilar hayoti, sog‘ligi va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun qonun hujjatlarida o‘rnatilgan fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashga oid majburiyatlarning bajarilishini tizimli nazorat qilish;
•    yo‘lovchi va yuklarni avtomobil transportida litsenziyasiz tashish holatlarini aniqlash va ularga nisbatan amaldagi qonunchilikka asosan choralar ko‘rish;
•    milliy va xorijiy avtotashuvchilar tomonidan tashishlarni amalga oshirishda haydovchilarining mehnat va dam olish rejimiga amal qilishi, avtomobil transportida xalqaro tashuvlar sohasidagi xalqaro shartnomalar bajarilishini ta’minlash;
•    O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarida yo‘lovchilar, bagaj yoki yuklarni tashish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik keltirilgan xorijiy davlatlar avtotransport vositalarida tashishlarni (kabotaj tashishlarni) amalga oshirishda xalqaro shartnomalar shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
•    xorijiy davlatlarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga belgilangan o‘tish punktlari orqali kirib kelganligini nazorat qilish.

Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish tizimi quyidagilarni ta’minlaydi:

•    milliy va xorijiy tashuvchilar tomonidan avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda belgilangan tartibga rioya qilish;
•    milliy va xorijiy tashuvchilar tomonidan avtomobil sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish;
•    nazorat punktlarida avtotransport vositalari tomonidan xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda ruxsatnomalardan foydalanish hisobini yuritish;
•    tashuvchilar tomonidan litsenziya talab va shartlarini bajarish.

Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish yo‘lovchilar to‘planadigan va yuklar ortiladigan hamda tushiriladigan yirik punktlarda (temir yo‘l vokzallari va stansiyalarida, daryo portlarida, bozorlarda, metropolitenning oxirgi stansiyalarida, avtovokzallarda (avtostansiyalarda), avtobus yo‘nalishlarining oraliq va oxirgi to‘xtash bekatlarida va h.k.) hamda Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining statsionar postlarida amalga oshiriladi.

Mazkur nizom talablari quyidagi avtotransport vositalariga tatbiq etilmaydi:

a) tabiiy ofatlarni (zilzila, toshqinlar, yong‘inlar, epidemiyalar va h. k.) va ularning oqibatlarini tugatishda yoki qutqaruv operatsiyalarida foydalanilayotgan;

b) o‘quv-mashq jarayonida foydalanilayotgan;

v) konstruktiv takomiliga yetkazish, ta’mirlash yoki ularga texnik xizmat ko‘rsatish doirasida yo‘l sinovlaridan o‘tkazilayotgan va hali foydalanishga topshirilmagan;

g) Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligiga qarashli tuzilmalar tomonidan kuzatib borilayotgan;

d) bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati ostida kuzatib borilayotgan avtotransport vositalari.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil'

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing