Avtokredit berayotgan banklar rag‘batlantiriladi – Prezident topshirig‘i

Jamiyat

image

Bugun, 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo, agrotexnika va avtomobil sanoati korxonalarida ishlab chiqarish sur’atlarini ta’minlash hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga katta zarar yetkazmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida ma’lum qilinishicha, bu yil jahon iqtisodiyoti ko‘rsatkichlari kamida 3 foizga pasayishi kutilyapti.

Shunday murakkab davrda O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish va aholi daromadlari kamayib ketmasligini ta’minlash uchun barcha rezervlar ishga solinmoqda. Zarur chora-tadbirlar umumiy yondashuv asosida emas, har bir tarmoq bo‘yicha alohida belgilanayotir. Ularga yordam berish, muammolarni kundalik hal qilish uchun Prezident Administratsiyasi, hukumat, vazirlik va idoralar rahbarlari 128 ta yirik ishlab chiqarish korxonasiga biriktirilgan.

Kimyo sanoati mavjud quvvatlarni saqlab qolish bilan birga yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Ammo tarmoqdagi bugungi holatga yig‘ilishda tanqidiy baho berildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda 9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 280 million dollarlik eksport rejalashtirilgan. Bunga erishish uchun “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoqdagi korxonalar faoliyatiga ko‘maklashib, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishi zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, yaqin bir oyda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatidagi polivinilxlorid korxonasi quvvatini 90 foizga yetkazish, azot kislotasi ishlab chiqarish loyihasini foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.

Hozirgi epidemiologik vaziyat bois tozalash va dezinfeksiya vositalariga talab oshgan. Xususan, qo‘shni davlatlardan 2 ming tonna gipoxloritga buyurtma kelib tushgan. Shuningdek, tog‘-kon metallurgiya sanoati uchun muhim bo‘lgan sianid tuzlariga ham ehtiyoj ortmoqda.

Shu bois imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi loyihalar tayyorlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Tashqi bozorlarda mahsulotlar raqobatdoshligini oshirish uchun transport xarajatlarini kamaytirish, hamkor davlatlar bilan kelishib, temir yo‘l orqali tashishda qulayliklar yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 12 iyulda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida bo‘lib, mutaxassislar bilan tarmoqdagi muammolarni muhokama qilgan edi. Undagi xulosa va tahlillar asosida 31 iyul kuni davlat rahbarining “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. O‘tgan vaqt mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi.

Bugungi yig‘ilishda texnikalarni o‘z vaqtida sotish uchun xaridor bilan ishlash tizimini rivojlantirish, fermer va dehqonlarga bu borada kredit imtiyozlari berish zarurligi qayd etildi. “Agrotexsanoatxolding” kompaniyasiga qishloq xo‘jaligi texnikalarini elektron buyurtma asosida sotish tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mashinalari sifati va narxi tanqid qilindi, bu jihatda ular xorijniki bilan raqobatdosh emas. Texnika qimmat bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxiga ham ta’sir qiladi.

Shu munosabat bilan hamma texnika narx-navosini tahlil qilish asosida ishlab chiqarishni optimallashtirish, metall quyish quvvatlarini tezroq ishga tushirib, lokalizatsiya darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Mahalliylashtirishdan maqsad – o‘zimizning qishloqlarga mos, dehqonlarga to‘g‘ri keladigan hamyonbop milliy traktorlar ishlab chiqarish”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Paxta terimini mexanizatsiyalashni jadallashtirish, joriy yil sentyabrgacha joylarga kamida 1 000 ta paxta terish mashinasi yetkazib berish, barcha hududlarda servis markazlari tashkil etish vazifasi belgilandi.

Butun dunyoda pandemiyadan eng katta zarar ko‘rgan tarmoqlardan biri avtomobilsozlik bo‘lmoqda.

Bunday sharoitda korxonalarning barqaror ishlashini ta’minlash uchun avvalo ichki bozor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarur.

Masalan, mamlakatda ehtiyot va butlovchi qismlar bozori 500 million dollarni tashkil etadi. Mahalliy mahsulotlarning undagi ulushi – atigi 9 foiz.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakuniga qadar 300 turdagi import butlovchi qismlarni o‘zlashtirib, xorijnikidek sifatli ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Avtomobillarning yangi modellarini ishlab chiqish, avtokredit berayotgan tijorat banklarini rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Samavto” va “MAN” zavodlarida maxsus texnikalar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar tarmoqda talab kuzatilayotgan yangi turlarni o‘zlashtirish yaxshi samara berishi ta’kidlandi. 

Avtosanoat mahsulotlari eksportini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ishlab chiqarishdan tortib, savdo va servis xizmatigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali sifatni nazorat qilish, mahsulotga ishonchni oshirish, ochiq-oshkoralikni ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Videoselektor yig‘ilishida kimyo, agrotexnika va avtomobil sanoati tarmoqlari mutasaddilari, yirik korxonalar rahbarlari axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

310

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing