Avstriyadagi saylovlarda o‘ng qanot populistik partiyasi hukmron partiyadan ustun keldi

Olam

image

Avstriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mamlakat o‘ng qanot populistik Avstriya Ozodlik partiyasi (APS) 29,2 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi bugun, 30 sentyabr kuni dastlabki natijalarni e’lon qildi.

Avstriyaning amaldagi federal kansleri Karl Nexammer a’zo bo‘lgan hukmron Avstriya Xalq partiyasi (AP) 26,5 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa, bu partiya 2019 yilda mamlakatda o‘tkazilgan avvalgi parlament saylovlari natijalari bilan solishtirganda, saylovchilarning 11 foizi qo‘llab-quvvatlovidan mahrum bo‘ldi. APS, aksincha, 2019 yilgi natijasini 13 foizga yaxshiladi.

Avstriya sotsial-demokratik partiyasi (SDPA) 21,1 foiz saylovchilarni o‘z tomoniga jalb etishga muvaffaq bo‘ldi (qo‘llab-quvvatlash 0,1 foizga kamaygan). Bu natija bilan SDPA Avstriya Milliy kengashida (parlament quyi palatasi) uchinchi yirik siyosiy kuch bo‘ladi.

“Yangi Avstriya va liberal forum” (NEOS) partiyasi saylovlarda 9 foiz ovoz olib, avvalgi natijasini 0,9 foizga yaxshilagan. Ayni paytda hukmron koalitsiyadagi Avstriya Ozodlik partiyasining hamkorlari bo‘lgan “Yashillar” 8 foiz ovoz olib, 5,9 foiz saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashini boy berdi.

Avstriya Kommunistik partiyasi va “Pivoni sevuvchilar” partiyasi kabi kichik partiyalar Avstriya parlamentida vakillikka ega bo‘lish uchun zarur bo‘lgan 4 foizdan sezilarli darajada kamroq ovoz oldi.

Qayd etilishicha, ovozlarni sanashda pochta orqali yuborilgan saylov byulletenlarining aksariyati hisobga olingan. Qolgan ovozlar 3 oktyabrga qadar sanab chiqilishi kutilmoqda.

Avstriyadagi parlament saylovlarida o‘ng qanot populistlar g‘alaba qozongan bo‘lsa ham , ular hukumat tuza olmaydi. Karl Nexammer nafaqat Avstriya Ozodlik partiyasi bilan koalitsiyaga kirish imkoniyatini, balki bu borada muzokaralar olib borish g‘oyasini ham bir necha bor rad etgan. O‘z navbatida, “Yashillar” vakili sifatida Avstriya Prezidenti Aleksandr Van der Bellen Avstriya Ozodlik partiyasi rahbari Gerbert Kiklni mamlakat kansleri etib tayinlamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov Avstriya Karl Nexammer SDPA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing