Avstriya ham rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi
Olam
−
07 aprel 2022
3269Avstriya Rossiyaning Venadagi elchixonasining uch xodimi va Zalsburgdagi bosh konsulligining bir xodimini chiqarib yuborishga qaror qildi. Ular 12 aprelgacha Avstriya hududini tark etishlari kerak. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni Avstriya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
“Avstriya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Venadagi elchixonasining uch nafar xodimi va Zalsburgdagi Bosh konsulligining bir xodimi diplomatik maqomini olib qo‘yganini e’lon qiladi. Bu shaxslar diplomatik maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlar sodir etgan va shuning uchun Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasining 9-moddasiga muvofiq nomaqbul shaxslar (persona non grata) deb e’lon qilingan”, deyiladi Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg tomonidan imzolangan bayonotda.
Hujjatda aytilishicha, elchixonaning ko‘rsatilgan xodimlari va Zalsburgdagi bosh konsullik xodimi 2022 yil 12 apreldan kechiktirmay federal hududni tark etishlari kerak.
6 aprel kuni Avstriya Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg ORF2 telekanaliga bergan intervyusida Avstriya rossiyalik diplomatlarni asossiz ravishda chiqarib yubormasligini, faqat respublika maxsus xizmatlarida ularning faoliyati Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga nomuvofiqligi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lgandagina bunday harakat amalga oshirilishini aytgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 4 aprel kuni Rossiyaning Berlindagi elchisi Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, Rossiya diplomatik missiyasining 40 nafar xodimi mamlakatdan chiqarib yuborilgani haqida ogohlantirilgan. Shuningdek, Parij rossiyalik 35 diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Ispaniya 25 nafar, Daniya esa 15 nafar rus diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi.
Joriy yilning 29 mart kuni esa Yevropaning bir qator davlatlari, jumladan Belgiya, Niderlandiya va Irlandiya Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborishini ma’lum qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 nafar rossiyalik diplomat Belgiyani, 17 nafari Niderlandiyani, to‘rt nafari Irlandiyani tark etishi kerak.
LiveBarchasi