Avstraliyadagi kazinoda markaziy osiyolik er-xotin ushlandi
Olam
−
01 dekabr 10118 2 daqiqa
Avstraliyaning Sidney shahridagi kazinoda qozog‘istonlik juftlik firibgarlikda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondan bo‘lgan 36 yoshli ayol va uning 44 yoshli eri Sidney kazinosida bir million dollardan ortiq yutuqni Mikki Maus tasviri tushirilgan futbolkaga yashirilgan kichik kamera va aloqa uchun quloqchinlardan foydalanib qo‘lga kiritganlikda ayblanmoqda. Ular Barangaru tumanida qo‘lga olingan.
“Kazino xodimlari ayolning ko‘ylagida kichik yashirin kamera borligini payqagan. Xabar berilgach, politsiya hodisa joyiga darhol yetib kelib, er-xotinni hibsga oldi”, deyiladi xabarda.
Tergovchilarning aytishicha, juftlikdan kichik magnit zondlari, batareyalar va yashirin tasvirga olish hamda uzatishga imkon beruvchi maxsus telefon ham topilgan. Shuningdek, mobil telefon uchun maxsus oyna ham musodara qilingan.

Tintuv vaqtida politsiya xodimlari ularning yashash joyidan qimor o‘yinlari uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha jihozlar, qimmatbaho zargarlik buyumlari va 2 ming yevro topgan. Xabarda aytilishicha, er-xotin joriy yilning oktyabr oyida Qozog‘istondan Sidneyga borgan. Ular shaharga borgan kuniyoq kazinoga a’zolik uchun ariza topshirgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, juftlik oktyabr va noyabr oylarida bir necha bor kazinoga tashrif buyurgan va jami 1,18 million dollar yutgan, bu esa kazinoda shubha uyg‘otgan.
“Juftlik mobil telefon orqali muloqot qilgan. Telefonlar stolning suratlarini olgan, chuqur joylashtirilgan quloqchinlar orqali esa ular turli karta o‘yinlarida qanday tikishlar qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar olishgan va oxir-oqibat kazinoni aldashgan”, deyiladi Yangi Janubiy Uels politsiyasi xabarida.
Nashrning yozishicha, juftlik mahalliy garov masalalari bo‘yicha sudga olib borilgan. Ulardan hech biri garov evaziga ozodlikni so‘ramagan va sud ham bunga ruxsat bermagan. Endi kelgusi yilning fevral oyida ayolning, joriy yilning 11 dekabr kuni erkakning sudi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yanvar oyida Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Bosh prokuratura bilan birgalikda mamlakatda lotereya klublari niqobi ostida faoliyat yurituvchi eng yirik noqonuniy onlayn kazinolar tarmog‘ini tugatgandi.
Live
Barchasi