Avstraliyada kuchli suv toshqinlari sabab favqulodda holat e’lon qilindi (fotoreportaj)
Olam
−
09 mart 2022
5050Avstraliya Bosh vaziri Skott Morrison qit’aning sharqiy va shimoli-sharqiy sohillarida sodir bo‘lgan kuchli suv toshqinlari tufayli mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda u mamlakat hukumati saytida chop etilgan bayonotida ma’lum qilgan.
“Men general-gubernatorga [Devid Xerli] Yangi Janubiy Uels va Kvinslenddagi suv toshqinlari sababli milliy favqulodda holat e’lonini tasdiqlashni tavsiya qilmoqchiman”, degan Bosh vazir.
Ta’kidlanishicha, hukumat vayron bo‘lgan korxonalar va shahar infratuzilmasini tiklashga yordam berish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratadi. Boshqa narsalar qatorida, mablag‘lar tozalash va ta’mirlash uchun — 210 million Avstraliya dollari (152,9 million AQSH dollar), nafaqa to‘lash va qiyinchilikka duchor bo‘lgan odamlarga yordam berish uchun — 31,2 million Avstraliya dollari (22,7 million dollar), oziq-ovqat va zarur tovarlar sotib olish uchun — 25 million dollar (18,2 million dollar) beriladi.
General-gubernator ma’qullaganidan so‘ng favqulodda holat mamlakat federal hukumati vakolatlarini sezilarli darajada kengaytiradi, bu esa parlament roziligisiz jabrlangan hududlarga qo‘shimcha resurslarni yo‘naltirish, shuningdek, kuchlarni safarbar qilish imkonini beradi.
Avstraliya sharqida kuchli yomg‘ir va suv toshqini
Avstraliyaning shimoli-sharqiy va sharqiy qirg‘oqlarida uzoq davom etgan yomg‘ir tufayli joriy yilning fevral oyi o‘rtalarida yirik suv toshqini boshlandi. Kvinslend shtatida 2 mingdan ortiq uy toshqin zonasida bo‘lgan, 20 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Yangi Janubiy Uelsda Sidneydan 800 kilometr shimolda joylashgan Lismor shahri butunlay, boshqa bir qator shaharlar esa qisman suv ostida qolgan. Hozirgacha suv toshqinlari oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi bedarak yo‘qolgan, 240 mingga yaqin odam uy-joy va mulkidan ayrilgan.
Eng qiyini mamlakatning yirik shahri Sidneydagi vaziyat bo‘lib, u yerda 16 kundan buyon yomg‘ir yog‘moqda. Sidneyning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy chekkalarida toshqindan keyin 2000 dan ortiq uy yashash uchun yaroqsiz deb topilgan, yana 2,3 ming uy suvdan jiddiy zarar ko‘rgan.
Yangi Janubiy Uels davlat qutqaruv xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri megapolisda 850 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘gan. Viloyat rahbari o‘rinbosari Pol Tul suv toshqinini “halokatli hodisa” deb atagan va so‘nggi 24 soat ichida qutqaruvchilarga yordam so‘rab 3000 dan ortiq qo‘ng‘iroqlar kelib tushganini ta’kidlagan.
LiveBarchasi