Avstraliyada 16 yoshli qiz akula hujum qilishi oqibatida halok bo‘ldi
Olam
−
05 fevral 2023
10775Avstraliya qit’asining g‘arbiy sohilida joylashgan Pert shahrida qizga akula hujum qildi. Oqibatda u vafot etdi. Bu haqda “9News” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, yirtqich Pert shahridagi Oqqush daryosida suzayotgan 16 yoshli qizga hujum qilgan.
Hodisaga guvoh bo‘lgan shahar aholisi jabrlanuvchini suvdan olib chiqib, qutqaruvchilarni chaqirgan. Biroq u tez yordam yetib kelguniga qadar voqea joyida vafot etgan.
G‘arbiy Avstraliya shtat politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu voqea 100 yildan ortiq vaqt ichida Oqqush daryosida birinchi halokatli akula hujumi bo‘ldi. Xuddi shunday voqea 1923 yilning yanvarida qayd etilgan, o‘shanda 13 yoshli bola halok bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, qizga hujum qilgan “Yirtqich buqa akulasi” bo‘lib, u “To‘mtoq akula” deb ham ataladi. Ushbu turdagi akulalar okeanning qirg‘oq suvlarida yashaydi. 2022 yilda Avstraliyada odamlarga akula hujumining 15 ta holati qayd etilgan, ulardan uchtasi qurbonlarning o‘limi bilan yakunlangan.