Avstraliyada 150 yil oldin o‘qish uchun olingan kitob kutubxonaga kaytarildi
Bu qiziq
−
02 avgust 3300 2 daqiqa
Avstraliyada taxminan 150 yil oldin o‘qish uchun olingan kitob kutubxonaga qaytarildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1858 yilda chop etilgan “Afina qadimiy buyumlari” nomli kitobni bir erkak uyini ta’mirlash chog‘ida topib olgan. U kitobni Kiama dengiz bo‘yi shahri kutubxonasiga topshirgan.
“Bizga hali hech qachon bunchalik eski narsa qaytarib berilmagan edi”, deydi kutubxona rahbari Mishel Xadson.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kitobni topshirish kechiktirilgan butun vaqt uchun jarima miqdori taxminan 28 ming avstraliya dollarini tashkil etgan bo‘lardi. Bu summa eski tarif – har bir hafta uchun 3 pens bo‘yicha hisoblab chiqilgan. Ushbu stavka kitob muqovasining ichki tomonida ko‘rsatilgan.
Kitobxonning ismini aniqlashning imkoni bo‘lmagan: 1870 yillarga oid kitob berish jurnali saqlanib qolmagan. Kutubxona xodimlarining taxmin qilishicha, nashr 1872 yilda kutubxona ochilganidan ko‘p o‘tmay yo‘qolgan. O‘sha yillarda mast holatdagi tashrif buyuruvchilarga kitob berilmagan. Bundan tashqari, oila olishi mumkin bo‘lgan nashrlar soni o‘qishni biladigan a’zolar soniga bog‘liq bo‘lgan: har ikki savodli oila a’zosiga bittadan kitob.
Yillar davomida saqlangan kitob qog‘ozi namlikdan zarar ko‘rgan. U endi kitobxonlarga berilmaydi.
“Uning qaytarilishini yana 150 yil kutishni xohlamaymiz”, deya hazillashgan Xadson.
Kitob mahalliy tarixiy kolleksiyaga joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birinchi jahon urushi davrida Buyuk Britaniyaning Oksford shahridagi kollejda o‘qigan va 1916 yilda urushda halok bo‘lgan Leonard Evbank ismli maktab o‘quvchisi ijaraga olgan “Bayronning she’rlari” kitobi kutubxonaga qaytarilgandi.
Live
Barchasi