Avstraliya Ukrainaga Abrams tanklarini yetkazib berdi
Olam
−
19 iyul 3747 2 daqiqa
Avstraliya Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Abrams tanklarini yetkazib bermoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Mamlakat Mudofaa vazirligiga ko‘ra, ilgari va’da qilingan deyarli 50 dona M1A1 Abrams rusumidagi Amerika jangovar tanklarining birinchi partiyasi allaqachon Kiyevga yetkazilgan.
“Ukraina hukumati so‘roviga javoban Avstraliya 49 ta Abrams tankini yetkazmoqda. Bu tanklar Rossiyaning noqonuniy va axloqsiz bosqiniga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hukumat yetkazib berish haqidagi qarorni o‘tgan yilning oktyabr oyida qabul qilgan. Ushbu harbiy yordam paketi umumiy 245 million avstraliya dollarini (taxminan 160 million AQSH dollari) tashkil qiladi.
Mudofaa vazirligi aniq raqamlarni ochiqlamagan bo‘lsa-da, birinchi partiyadagi tanklarning asosiy qismi (kamida 25 tasi) allaqachon Ukraina hududiga yetib borgani aytilmoqda. Qolgan texnika esa yaqin oylar ichida topshirilishi rejalashtirilgan.
Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bosqini boshlanganidan buyon mamlakat Ukrainaning mudofaa ehtiyojlari uchun 1,5 milliard Avstraliya dollari (980 million AQSH dollari) miqdorida yordam ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, Avstraliya Rossiyaga qarshi xalqaro bosimning faol ishtirokchisi sanaladi. U Moskvaga qarshi eksport cheklovlari va sanksiyalarni joriy qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 1000 ga yaqin rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslar Avstraliyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina 2025 yil boshidan beri Chexiya tashabbusi doirasida 850 ming dona yirik kalibrli artilleriya snaryadlarini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Olingan barcha qurollarning 320 mingtasi 155 millimetr kalibrli o‘q-dorilar sanaladi.
Live
Barchasi