Avstraliya Magnitskiy ishi bo‘yicha 39 kishiga sanksiya qo‘lladi
Olam
−
29 mart 2022
8452Avstraliya korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilingan ayrim Rossiya fuqarolariga, shuningdek, Avstraliya rasmiylariga ko‘ra, advokat Sergey Magnitskiyning "o‘limiga aloqador" bo‘lganlarga nisbatan birinchi mustaqil sanksiyalarni kiritdi. Bu haqda bugun, 29 mart kuni Avstraliya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Maris Peyn tegishli bayonot bilan chiqdi.
Tashqi siyosat idorasi veb-saytida e’lon qilingan hujjatda vazir Sergey Magnitskiy fosh etgan korrupsiya jinoyatlari uchun mas’ul bo‘lgan Rossiya fuqarolariga, shuningdek, uning o‘limiga aloqador bo‘lgan shaxslarga nisbatan birinchi sanksiyalar paketi kiritilishini e’lon qildi.
“Hukumat Magnitskiyni va qonun ustuvorligini himoya qilganlarning xotirasiga hurmat ko‘rsatadi. Korrupsiyada ayblangan 14 nafar Rossiya fuqarosiga hamda unga nisbatan [Magnitskiy] shafqatsiz muomala qilgan va o‘limiga aloqador bo‘lgan yana 25 kishiga maqsadli sanksiyalar va taqiqlar qo‘llaymiz”, deydi vazir Peyn.
TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Avstraliya sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Rossiya fuqarolari bir qator iqtisodiy cheklovlarga duch keladilar, jumladan, aktivlari va hisob raqamlari muzlatiladi, shuningdek, Avstraliyaga kirishi taqiqlanadi.
“Bu chora Avstraliya allaqachon boshqa mamlakatlar tomonidan sanksiyalarga duchor bo‘lganlar uchun xavfsiz boshpana bo‘lib qolmasligini ta’minlaydi”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.
“Sergey Magnitskiy nomidagi qonun ustuvorligi va javobgarlik to‘g‘risida”gi qonun 2012 yil AQSHda qabul qilingan. Unda Vashington nuqtai nazaridan o‘z vatanida inson huquqlarini buzganlikda aybdor bo‘lgan Rossiya rasmiylariga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Sergey Magnitskiy 1972 yilda Odessada tug‘ilgan va Moskvada auditor bo‘lib ishlagan.
U Rossiya rasmiylari va xavfsizlik kuchlari tomonidan uyushtirilgan soliqlarni noqonuniy qaytarish yo‘li bilan byudjet mablag‘larini katta hajmdagi o‘g‘irlash sxemalari mavjudligini e’lon qildi. Shundan so‘ng, u soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda sheriklikda ayblanib, 2008 yilda hibsga olingan, bir vaqtning o‘zida, ilgari u tomonidan korrupsiyada ayblangan shaxslar Magnitskiyga qarshi tergovda qatnashgan. Hibsda bo‘lganida u “Matrosskaya Tishina” hibsxonasida qonuniy ravishda sudsiz ushlab turilishi mumkin bo‘lgan bir yillik muddat tugashiga yetti kun qolganida vafot etgan.
Magnitskiyning o‘limi keng xalqaro norozilikka sabab bo‘ldi va 2012 yilda Qo‘shma Shtatlarda, keyinroq Kanadada inson huquqlari va qonun ustuvorligini buzganlik uchun aybdorlarga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni joriy etgan "Magnitskiy qonuni"ning qabul qilinishiga sabab bo‘ldi. Dastlab, qonun, AQSH rasmiylariga ko‘ra, Magnitskiyning o‘limiga aloqador bo‘lgan shaxslarga qarshi qaratilgan edi. 2019 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya rasmiylarining harakatlarida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining bir qator moddalari buzilganligini aniqladi. 2020 yil 6 iyulda Buyuk Britaniya tomonidan Magnitskiy o‘limiga aloqador shaxslarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etildi.
Rossiya rasmiylari G‘arb davlatlari ko‘rayotgan choralarni qoralab, Magnitskiyning ayblovlarini inkor etib, uning o‘zini korrupsiyaga aloqador deb biladi.
LiveBarchasi