Nega xalqaro huquq rus hisobchisidan minnatdor? Sergey Magnitskiy kim?
Tahlil
−
01 dekabr 2025 13376 7 daqiqa
Xalqaro huquq tizimiga bir insonning o‘limi qay darajada ta’sir qilishi mumkin? Tarix shunga guvohlik beradiki, qirollarga qilingan suiqasd urushlarga sabab bo‘lgan (Avstriya taxt vorisi Frans Ferdinandnig o‘limi Birinnchi jahon urushiga sabab bo‘lgan) edi. Ammo har doim ham bir buxgalterning o‘ldirilishi butun dunyodagi huquqiy tizimga ta’sir qilavermaydi. Biz esa bugun shunday bir noodatiy holat – rossiyalik hisobchining o‘limi avval Amerikada, keyin butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida yangi qonunlar tizimini vujudga kelishiga olib kelgani haqida hikoya qilamiz.
Umumiy fon
2009 yil Rossiyaning “Matrosskaya Tishina” qamoqxonasida 37 yoshli auditor Sergey Magnitskiy hayotdan ko‘z yumdi. Negaki, bu inson tinchgina hayotni emas, o‘z davlatidagi chirigan oligarxiyaning korruppsion qilmishlarini fosh qilishni tanladi.

Moskvadagi eng yirik xorijiy investitsiya fondlaridan biri bo‘lgan Hermitage Capital Management (HCM) kompaniyasida Sergey Magnitskiy ismli soliq maslahatchisi ishlab kelar edi. Uning ish faoliyati davrida Rossiya tarixidagi eng munozarali firibgarlik ishi sodir etiladi. 2007 yilda Rossiya ichki ishlar organlari HCM’ning sho‘ba korxonalarida reyd o‘tkazib, kompaniya hujjatlari va muhrlarini musodara qiladi. Bu tintuv qilish ishlari katta miqyosdagi soliq firibgarligi sxemasining boshlanishi edi. Bu voqea ortidan o‘zlashtirilgan hujjatlar orqali ichki ishlar organlari HCM kompaniyasining turli hududlardagi uchta sho‘basini boshqa soxta shaxslar nomiga o‘tkazadi va korxonalar nomidan qalbaki shartnomalar tuzib, go‘yoki bu tashkilot katta yo‘qotishlarga uchraganini va shuning uchun avval to‘lagan 5.4 milliard rubl (230 million dollarlik) soliqni zudlik bilan qaytarib olishga haqli ekanini da’vo qilib chiqishadi. Odatda hafta yoki oylar davomida ko‘rib chiqiladigan bunday arizalarga bu gal bir kunda javob bo‘ladi va korxona talab qilgan summa uning bank hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Kompaniya soliq maslahatchisi Sergey Magnitskiy tezda nazorat qo‘ldan chiqqanini sezdi va bu jinoyatning iziga tushadi. Odatda bu kabi hujjatlar uzoq muddat ushlab turilmasdi. Bank aktivlarini kuzatish va kompaniyaning yangi rahbarlar qo‘liga o‘tganini ko‘rgan Magnitskiy tezda tushunib yetadiki, musodara vaqtida tortib olingan hujjatlar yoki o‘g‘irlangan, yoki sotilgan edi. Soliq organlari esa da’voga noodatiy tezkorlik bilan javob qaytargani uni e’tiborini tortdi va tekshiruvlar ortidan shuni aniqladiki, bu bir guruh jinoyatchilar emas, balki davlat idoralari ishtirokidagi jiddiy korrupsion firibgarlik opperatsiyasi bo‘lib chiqdi.
Magnitskiy soliq qaytarilgan paytdagi bank o‘tkazmalarini va hujjatlarni tasdiqlagan soliq inspektorlari, pulni “yuvish”da ishtirok etgan bank xodimlari hamda ichki ishlar organlari tergovchilari o‘rtasida ma’lum aloqalar mavjudligini ko‘rsatuvchi dalillarni to‘pladi. Sergey Magnitskiy bu moliyaviy dalillarga va buxgalteriya yozuvlariga tayanib, butun sxemani to‘liq oshkor qildi. U shunchaki firibgarlikni emas, balki davlat byudjetidan amaldorlar tomonidan amalga oshirilgan o‘g‘rilik mexanizmini ochib berdi.
Magnitskiy o‘limi
Sergey Magnitskiy butun boshli davlat idoralari ishtirokidagi jinoiy ishni fosh qilganidan mamnun edi va o‘zi to‘plagan dalillarni 2008 yil iyul oyida Rossiya tergov qo‘mitasi va Bosh prokuraturasiga topshirdi. Ammo u adolat talab qilib borgan insonlar jinoyatchilarning hamtovog‘i ekanligini bilmagandi. Prokuratura uning o‘zi fosh qilgan jinoyatni o‘ziga to‘nkadi va Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 199-moddasi 2-qismiga binoan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ishtirok etganlikda ayblab, 24 noyabr kuni hibsga oldi.
Qizig‘i Magnitskiyning sud hukmi hali chiqarilmasdan turib uni qamoqqa olishgandi va bo‘yniga qo‘yilgan aybni tan olishi uchun tinimsiz ruhiy va jismoniy qiynoqlar o‘tkazilgani aytiladi. Uzoq cho‘zilgan tergov davomida Magnitskiy 358 kun davomida, avval “Butirka” qamoqxonasida, keyinchalik esa “Matrosskaya Tishina” qamoqxonasida insoniy bo‘lmagan sharoitlarda saqlanadi. Panjaralar ortidagi muhit uning ham ruhiyatiga, ham jismoniy sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilardi, ammo unga na tibbiy yordam ko‘rsatiladi, na oilasi bilan ko‘rishishga ruxsat etiladi.

O‘zi shundoq ham turli kasalliklar bilan og‘rinayotgan Magnitskiyga nisbatan turli zo‘rvonliklar amalga oshirilgan, soxta ayblovlarni tan olishi uchun har kuni kaltaklangan. Oxir-oqibat 2009 yil 16 noyabr kuni Sergey Magnitskiy o‘t pufagidagi toshlari tufayli emas, qamoqxona xodimlari tomonidan rezina kaltaklar bilan do‘pposlanishi oqibatida bosh miya jarohati bilan o‘lim topadi.
Rus rasmiylari uning o‘limiga dastlab qorin pardasi yorilishi, keyinchalik yurak xuruji yoki o‘t pufagi yallig‘lanishi kabi kasalliklar sabab bo‘lganini vaj qilishadi. Biroq, mustaqil ekspertlar, inson huquqlari faollari bu yolg‘onlarga ishonmadi va mustaqil tekshiruvlar natijasida tanadagi og‘ir jarohatlar, bosh suyagi va qo‘l suyaklarining sinishi aniqlandi. Dunyo hamjamiyati esa Rossiyani Magnitskiyning insoniy bo‘lmagan sharoitlarda saqlangani, tibbiy yordamni rad etgani va samarasiz tergov o‘tkazilgani uchun javobgar deb topdi.
2013 yil iyul oyida – Magnitskiyni vafotidan to‘rt yil o‘tib, Moskva shag‘ridagi Tver tuman sudi uni aybdor deb topdi.
Magnitskiy qonuni shakllanishi
Sergey Magnitskiyning o‘limi Rossiyaga G‘arb bosimini kuchaytirib yubordi, hamma undan javob talab qilardi. 2011 yil iyulida Rossiya Tergov qo‘mitasi dastlab Magnitskiy qamoqxona ma’murlari unga tibbiy yordam ko‘rsatishni cheklab qo‘ygani uchun vafot etganini tan oldi va uni davolamagan shifokorlarga nisbatan jinoiy ish ochildi, shunday bo‘lsada, uni qamaganlarga nisbatan chora ko‘rilmadi.
Magnitskiyning ish beruvchisi va Rossiyadagi taniqli sarmoyador, amerikalik tadbirkor Bill Brauder adolat uchun kurashni davom ettirdi. U Rossiya ichidagi tizimdan adolat talab qilish befoydalagini tushunib yetgach, chegaralar tashqarisidan yordam izlashga qaror qiladi va turli xalqaro uchrashuvlarda Rossiya amaldorlariga qarshi sanksiya choralarini ko‘rishga chaqirish g‘oyasini ilgari suradi. Ayniqsa uning amerikalik senator Benjamin Kardin bilan suhbatlari ortidan AQSHda yangi qonun loyihasi tayyorlash ishlari avj oladi. Va nihoyat, 2012 yilda AQSHda “Sergey Magnitskiy nomidagi qonun ustuvorligi bo‘yicha javobgarlik to‘g‘risidagi qonun” yoki qisqa qilib aytganda “Magnitskiy akti” qabul qilindi.
-Recovered.jpg)
Ushbu qonun dastlab xalqaro darajada bo‘lmay, balki AQSHning Rossiya amaldorlariga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini ko‘zda tutar edi. Unga ko‘ra, Sergey Magnitskiyning hibsga olinishi, qiynoqqa solinishi va o‘limida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etgan yoki bunga aloqador bo‘lgan mansabdorlar, Magnitskiy tomonidan fosh qilingan 230 million dollarlik soliq firibgarligi sxemasida ishtirok etgan shaxslar va bu jinoyatlarni fosh qilgan boshqa shaxslarni ta’qib qilish, qo‘rqitish yoki ularga jismoniy zarar yetkazishda ishtirok etgan Rossiya fuqarolari AQSHga kirishi taqiqlanadi, AQSH yurisdiksiyasidagi barcha moliyaviy aktivlari muzlatiladi, AQSH fuqarolari yoki kompaniyalarining ular bilan har qanday turdagi moliyaviy va tijoriy bitimlar tuzilishi taqiqlanadi.
2016 yilga kelib AQSH bu qaror ko‘lamini kengaytirishga qaror qildi va “Global Magnitskiy inson huquqlari mas’uliyati akti” nomli qonunni qabul qildi. Endi Magnitskiy akti bu faqat Rossiyani tiyuvchi mexanizm emas, xalqaro inson huquqlarining yangi bir muhim bo‘lagiga aylandi. Bu yangi qonun birgina Magnitskiyning ishi bilan cheklanmasdan, dunyoning istalgan burchagidagi jiddiy inson huquqlari buzilishida yoki keng ko‘lamli korrupsiyada ishtirok etgan har qanday shaxsga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkonini berardi. Dunyo moliyaviy tizmi esa AQSHning banklariga nihoyatda bog‘lanib qolgan, xalqaro doiradagi pul o‘tkazmalarini AQSH banklari vositachiligisiz amalga oshirib bo‘lmaydi.
Inson huquqlarini taminlash masalasi yil sayin oshib borishi fonida AQSHdan boshqa davlatlarda ham bunday qonunlarga ehtiyoj ortib bordi. Asta sekin Magnitskiy qonuni turli ko‘rinishda bo‘lsada dunnyoning yirik davlatlari tomonida o‘zlashtirila boshlandi. 2017 yil Kanadada “Xorijiy mansabdorlar korrupsiyasi qurbonlari uchun adolat akti” nomli qonun, 2018 yilda Buyuk Britaniyada “Sanksiyalar va pul yuvishga qarshi akt” nomi bilan yangi qonunlar qabul qilindi. Garchi hujjatlar nomi turlicha bo‘lsada, asos yagona edi – Magnitskiy qonuni.
Magnitskiy qonuni g‘oyalarini baynalminallashtirish yo‘lida eng katta qadam Yevropa Ittifoqi davlatlarida “Global inson huquqlari sanksiyalari rejimi" (EU Global Human Rights Sanctions Regime) nomli ustavning qabul qilinishi bo‘ldi. Yevropaning 27 davlati tomonidan tan olingan ushbu yangi qonun g‘oyalari dunyo miqyosida inson huquqlari normalarini buzgan shaxslarni sudsiz xalqaro darajada jazoga tortish mexanizmining yaralishiga olib keldi.
Bugungi kunga kelib biroz oqsoqlanib qolgan bo‘lsada xalqaro huquqning ko‘plab normalari hanuz ishlamoqda. Hozirgacha bu qonunlar ko‘plab jinoyatchilarni yuridik jihatdan jazolab kelyapdi. Bular jumlasiga 2018 yilda Istanbulda jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishida bevosita ishtirok etgan yoki bunga buyruq bergan shaxslar, Aleksandr Navalniyni zaharlashga aloqador shaxslar, yuqori darajali xavfsizlik va mudofaa amaldorlari, Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarga qarshi qatag‘onlarga aloqador Shinjon viloyatining sobiq va amaldagi yuqori martabali siyosiy hamda xavfsizlik sohasidagi amaldorlarini kirgizish mumkin. Ular hanuz tirik va o‘z davlati hududida erkinlikda yashayotgan bo‘lishiga qaramay, ularning chegaralar ortiga o‘tish imkoniyat cheklangan, xalqaro moliya tizimida qo‘llari bog‘langan.
Garchi “Siyosatda haqiqat yo‘q”, degan gaplar ko‘p o‘rinda o‘z isbotini topgan bo‘lsada, Magnitskiy kabi insonlar o‘limga qadar uni qidirishda davom etadi. Oxirigacha kurashganlarning esa harakatlari behuda ketmaydi, ular o‘limidan keyin ham o‘zlari izlagan “haqiqat”ni topishlari mumkin.