Avstraliya ham Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkin

Olam

image

Avstraliya Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada va boshqa davlatlarga qo‘shilib, Rossiya bilan tinchlik kelishuvidan so‘ng Ukrainaga tinchlikparvar kuchlari yuborishi mumkin. Bu haqda Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati avvalgi pozitsiyasini o‘zgartirib, endilikda ko‘p millatli tinchlikparvar kuchlar tarkibida Ukrainaga qo‘shin yuborish bo‘yicha har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lgan.

“Hozirda tinchlikparvar missiya bo‘yicha muhokamalar olib borilmoqda va mening hukumatim har qanday taklifni ko‘rib chiqishga ochiq. Chunki Avstraliya tarixan tinchlikparvarlik faoliyatida muhim rol o‘ynab kelgan”, dedi Bosh vazir Sidneydagi matbuot anjumanida.

Tadbirda, shuningdek, AQSHning Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishi masalasi ham muhokama qilingan. Albaneze Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlab, “Ukraina xalqining o‘z suverenitetini himoya qilish uchun olib borayotgan jasoratli kurashi”ni e’tirof etgan. Unga ko‘ra, Ukrainaga yordam berish Avstraliyaning milliy manfaatlariga ham mos keladi, chunki bu mamlakat xalqaro huquq ustuvorligi uchun kurashmoqda.

“Avstraliya bu borada yordam berishga tayyor”, deya ta’kidlagan Bosh vazir.

Unga ko‘ra, Avstraliya Ukrainaga 1,5 milliard dollar ajratgan, shundan 1,3 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordamga yo‘naltirilgan.

“Biz Ukrainada tinchlik o‘rnatilishini istaymiz, ammo Rossiyaning noqonuniy va axloqsiz harakatlari mukofotlanmasligi kerak. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va uning imperialistik rejalarini qo‘llab-quvvatlab bo‘lmaydi”, dedi Albanese.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bloomberg” o‘z manbalariga tayanib, Turkiya ham o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborib, erishilgan tinchlik kelishuvlari bajarilishini kafolatlashga tayyor ekanini xabar qilgan edi. Unga ko‘ra, Turkiya NATO tarkibida AQSHdan keyin eng yirik qurolli kuchlarga ega bo‘lib, uning yordami, ayniqsa, sovuq urush tugaganidan keyin armiyalari sezilarli darajada qisqargan Yevropa mamlakatlari uchun juda foydali bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Avstraliya Ukraina tinchlikparvar kuchlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing