Turkiya Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor – “Bloomberg”

Olam

image

Turkiya o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborib, erishilgan tinchlik kelishuvlari bajarilishini kafolatlashga tayyor. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Turkiya NATO tarkibida AQSHdan keyin eng yirik qurolli kuchlarga ega bo‘lib, uning yordami, ayniqsa, sovuq urush tugaganidan keyin armiyalari sezilarli darajada qisqargan Yevropa mamlakatlari uchun juda foydali bo‘lishi mumkin.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy oyda Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Turkiya tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborish masalasini Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muhokama qilgan. “Bloomberg” manbalariga ko‘ra, Turkiya bunday missiyaning bir qismi bo‘lishga faqatgina barcha maslahatlashuvlar va uning shakllanishida to‘liq ishtirok etish sharti bilan rozi bo‘ladi.

Fransiya va Buyuk Britaniya ham urush to‘xtatilganidan so‘ng Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari uchun o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyor ekanini ma’lum qilgan, biroq bu tashabbus AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi shartligini ta’kidlagan. Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergard ham shunday qadam tashlash ehtimolini inkor etmagan. Biroq Yevropa davlatlari hatto bunday missiya uchun bir necha o‘n minglab askarlarni to‘plashga qiynalayotgani qayd etilgan. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainani Rossiyaning provokatsiyalari va tajovuzkor harakatlaridan ishonchli himoya qilish uchun 100 mingdan ancha ko‘p harbiylar talab qilinishi mumkin.

Shunday sharoitda quruqlikdagi qo‘shinlari soni qariyb 400 ming (yana shuncha zaxiradagi harbiylar) bo‘lgan Turkiyaning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Biroq o‘tgan haftada Ar-Riyodda Rossiya va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Lavrov Rossiya urush tugagach, NATOga a’zo davlatlarning harbiylarining Ukrainaga joylashtirilishini qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblashini bildirgan.

Shu haftada Donald Tramp Vladimir Putin Yevropa tinchlikparvar kuchlarining Ukrainaga joylashtirilishiga qarshi chiqmasligini aytdi. Bunga javoban Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Lavrovning pozitsiyasiga qo‘shimcha qiladigan hech narsa yo‘qligini ta’kidladi.

Moskva Turkiyaning Ukrainaga harbiylarni yuborish haqidagi taklifiga hozircha rasmiy javob bermagan. “Bloomberg” manbasiga ko‘ra, bu masala Lavrovning yaqinda bo‘lib o‘tgan tashrifi davomida muhokama qilingan, biroq Rossiya hukumati bu masalani hozircha ustuvor deb hisoblamaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Vashington Kiyevga qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmasligini, bu masalani Yevropaga topshirishini aytgan edi. Shuningdek, u Vashington Yevropa tinchlikparvar kuchlari Ukrainaga joylashtirilishi masalasida Yevropani qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ma’lum qilib, urushni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishiga ishonch bildirgan. U Rossiya tomoniga tinchlikka erishish uchun murosaga borish kerakligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing