Avo, TBC, AnorBank: mijozlar bilan ishlashda eng qoloq banklar nomi ochiqlandi
Jamiyat
−
07 avgust 4546 2 daqiqa
Joriy yilning ikkinchi choragi davomida O‘zbekistonda mijozlarning murojaatlari bilan ishlashda eng qoloq ko‘rsatkichlarga ega 10 ta tijoriy banklar ro‘yxati ochiqlandi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Markaziy bank 2026 yil II chorak yakunlari bo‘yicha bank xizmatlari sifatini oshirish va mijozlar manfaatlarini ta’minlash maqsadida banklar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilgan.
Unga ko‘ra, joriy yil II chorak davomida regulyatorga to‘g‘ridan to‘g‘ri va boshqa davlat organlari orqali banklar faoliyati yuzasidan jami 11 331 ta murojaat kelib tushgan. Ularning eng ko‘pi Avo Bank (4,42 indeks) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, murojaatlar bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar qatorida “Biznesni rivojlantirish banki” (2,78), “Mikrokreditbank” (2,69), TBC Bank (2,63) hamda AnorBank (1,84) ham bor.

Ta’kidlanishicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi:
- mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish;
- murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish;
- takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish;
- mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish.
“Shu munosabat bilan banklarga ko‘rib chiqish uchun kelib tushgan murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirish tavsiya etiladi”, deyiladi regulyator tahlilnomasida.
Qayd etilishicha, mazkur indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha esa indeks hisoblanmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Anor Bank” AJ reklama qonunchiligini buzgani uchun moliyaviy jarimaga tortilib, qonunbuzilishni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgani haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi