“Avlodlarning qalbida qolarsiz inoningiz”. O‘zbekistonda hokimbuvalarga atab qo‘shiq kuylash boshlandi

Jamiyat

O‘zbekistonda hokimlarni madh etib qo‘shiq kuylash boshlandi. Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov tavallud kuniga bag‘ishlab kuylangan qo‘shiq va unga ishlangan klip paydo bo‘ldi. QALAMPIR.UZ’ga ko‘ra klip hokimlik tomonidan tarqatilgan. 

Qo‘shiqda shunday so‘zlar bor: 

Juda qadim bu maskan, ota yurtim sharaf-shon,

Qadim ota yurtimda yuz ochmoqda Nurafshon.

Bizni boshlab zafarga, elni boshlab hasharga,

Yurtboshimiz ishongan, hokim keldi shaharga.

Omon bo‘lsin joningiz, ulug‘ bo‘lsin shoningiz,

Avlodlarning qalbida qolarsiz inoningiz.

Sira tinim bilmaydi, el dardini tinglaydi,

Tadbirkor-u ishchini doim suyab qo‘llaydi.

Elim bugun bunyodkor, inshootlar nurviqor,

Yangi shahar quruvchi bir qahramon hokim bor!

Yurtim yana gullasin, ofat-balo kelmasin, 

Vatan uchun yonganni Alloh o‘zi qo‘llasin. 

Omon bo‘lsin joningiz, ulug‘ bo‘lsin shoningiz,

Avlodlarning qalbida qolarsiz inoningiz.

Qo‘shiqni ijro etgan besh xonandaning ism-sharifi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum emas. Klipda esa hokimbuvaning davralarni to‘ldirib ma’ruza qilayotgani, o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashayotgani, loyihalar ustida bosh qotirayotganini ko‘rish mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida, Nurafshonning madh etilgan hokimi Qahramon Hakimov 2019 yilning 15 avgust kuni ushbu lavozimga tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Nurafshon shahri Qahramon Hakimov

Baholaganlar

129

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing