“Toshkent yo‘li” konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi

Jamiyat

6258993-6a21de7af4

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida shaharning markaziy “Toshkent yo‘li” ko‘chasi konsepsiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Xabarda qayd etilishicha, taqdimotda 100 ga yaqin mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Nurafshon shahrida, xususan, shaharning markaziy “Toshkent yo‘li” ko‘chasi bo‘ylab keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ko‘chaning shahardan o‘tuvchi qariyb 7 kilometrlik qismida 8 ta bank muassasasining ma’muriy binosi qurilmoqda.

Taqdimotda ko‘cha bo‘ylab qurilishi rejalashtirilgan mehmonxona, avtosalon, maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, mini stadion, biznes markazi, oilaviy poliklinika binolari loyihalari namoyish etildi.

“Taqdimotga Mozori Sharifdan keldik. Nurafshon shahrida zamonaviy tipdagi mehmonxona qurish niyatidamiz. Mehmonxonamizning yerto‘lasida taqinchoq ishlab chiqarish sexi ham faoliyat yuritadi. Bu borada shahar savdo-sanoat palatasi raisi bilan suhbatlashdik. Kelgusida, albatta, “aqlli shahar”da faoliyatimizni yo‘lga qo‘yamiz”, deydi afg‘onistonlik ishbilarmon Usmonxon Mehte.

Shaharning viloyat bo‘ysinuvidagi ma’muriy markaz ekanligi inobatga olinsa, “Toshkent yo‘li” ko‘chasida 5-7 va 12-16 qavatli uylar qurilishi maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, ko‘cha bo‘ylab qurilishi rejalashtirilayotgan savdo va maishiy shaxobchalarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishi ham zarur. Tadbirda ishbilarmon va tadbirkorlarga shular haqida batafsil tushuntirish berilib, ularning faoliyati davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi.

“Toshkent yo‘li” ko‘chasida zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi va maktab ochishni rejalashtirganmiz. Bizni mazkur shaharda tadbirkorlik qilishga 2 ta asosiy sabab undayapti. Birinchisi, yer maydoni poytaxtdagiga nisbatan arzon. Ikkinchidan, bu yerda mamlakatimizdagi birinchi “aqlli shahar” quriladi. Faoliyatimizni yo‘lga qo‘yish uchun 50 sotix yer yetarli. Shahar arxitektori bilan gaplashib, zarur tavsiyani oldik. deydi qibraylik tadbirkor Najib Altinbekov.


Maqola muallifi

Teglar

Nurafshon shahri Toshkent yo'li

Baholaganlar

52

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing