Aviakompaniyalar chipta narxlarini mustaqil belgilay olmaydi – Shuhrat Xudoyqulov
Jamiyat
−
19:08 1170 2 daqiqa
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda aviachipta narxlari, chegirmalar hamda bozor mexanizmlari masalalari muhokama qilindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulov aviachipta narxlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, aviakompaniyada o‘rtacha bandlik darajasi 80 foizni tashkil etgan.
“Mening shaxsiy fikrimcha, ichki va xalqaro yo‘nalishlardagi aviachipta narxlari me’yoriy holatda. Bu ularning boshqa aviakompaniyalar bilan raqobatbardosh ekanini anglatadi. Agar narxlar raqobatbardosh bo‘lmaganida, bozor bugungidek rivojlanmagan bo‘lardi”, deydi Xudoyqulov.
Uning aytishicha, bugungi kunda ichki va xalqaro reyslarda faqat Uzbekistan Airways va uning sho‘’ba korxonasi Silk Avia emas, balki boshqa aviakompaniyalar ham faoliyat yuritmoqda. Shu bois aviakompaniyalar chipta narxlarini bozor talabidan kelib chiqmasdan, mustaqil ravishda belgilay olmaydi.
“Agar bozor ko‘tarolmasa, aviakompaniya narxni o‘zi xohlagandek belgilay olmaydi. Bizda reyslar soni ham, chipta narxlari ham barcha uchun mutlaqo qulay, deb ayta olmayman”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, Shuhrat Xudoyqulov Uzbekistan Airways’ning brendlari haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, hozirda Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airways Express brendlari faoliyat yuritmoqda. Express reyslarida aviachiptalar narxi o‘rtacha 20 foizga arzon bo‘lib, bunda ayrim cheklovlar mavjud.
“Biz bu yo‘nalishni low-cost mahsulot sifatida bozorga olib chiqdik. Hozirda Silk Avia va Uzbekistan Airways Express’ni yagona mahsulot sifatida taklif qilish masalasi muhokama qilinmoqda. Jamoa bilan maslahatlashyapmiz, yaqin kunlarda qarorlar jamoatchilikka e’lon qilinadi”, deydi aviakompaniya rahbari.
Matbuot anjumani doirasida jamiyatning 34 yilligi munosabati bilan xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun ishlab chiqilgan yangi dizayndagi formalar ham namoyish etildi. Ilk bor ramziy liboslar to‘plamiga trikotaj matodan tikilgan kardigan kiritildi. Shuningdek, ustki kiyim sifatida palto va issiq plashlar taqdim etildi. Ushbu yangiliklar kuz-qish mavsumida parvoz vazifalarini bajarishda qulaylik va funksionallikni oshirishi qayd etildi.
Formaning ranglar uyg‘unligi moviy-gumbaz, to‘q ko‘k va to‘q qizil ranglarga asoslangan bo‘lib, dizaynda milliy atlas-adras hamda nozik milliy naqshlardan foydalanilgan. Ushbu bezaklar taraqqiyot, uyg‘unlik va milliy qadriyatlarga sodiqlik ramzi sifatida talqin qilindi.
Live
Barchasi