Avgust oyidan O‘zbekistonda yangi soliq organi ishga tushadi

Jamiyat

image

Ma’lumki, ayni paytda O‘zbekistondagi yirik korxonalarning soliq ma’murchiligi tuman soliq inspeksiyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu soliq nazoratini to‘laqonli olib borish imkonini bermaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yirik soliq to‘lovchilarning murakkab tuzilmasi, ular tomonidan amalga oshirilayotgan xo‘jalik operatsiyalari, pul mablag‘larining ulkan oqimi hamda firmalar va tashkilotlar bilan sheriklik munosabatlari mavjudligi ularga turli soliq sxemalarini qo‘llash imkonini bermoqda.

Soliq qonunchiligidagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida mamlakatdagi yirik soliq to‘lovchilar tomonidan Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tashkil etiladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish ishlari yakunlandi, yirik soliq to‘lovchilarni saralab olish mezonlari belgilandi hamda mamlakat byudjetiga umumiy soliq to‘lovlari hajmining qariyb 60 foizini ta’minlash imkonini beruvchi mamlakatdagi 550 dan ortiq korxonalar ro‘yxati shakllantirildi. 

Qo‘mita binosida rekonstruksiya qilish va ish o‘rinlarini tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Joriy yilning avgustidan boshlab yangi soliq organi sinov rejimida faoliyat yuritadi va Toshkentdagi yirik korxonalarni qamrab oladi. Oktyabr oyidan boshlab uning faoliyatiga mamlakatning boshqa hududlaridagi korxonalar ham kiritiladi.

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi eng ilg‘or texnologiyalar va sohadagi barcha so‘nggi yangiliklar joriy etilgan zamonaviy namunali inspeksiya bo‘ladi. Uning tashkil etilishi bilan biznes vakillari yanada sifatli servis xizmatlari va o‘z vaqtida taqdim etiladigan professional maslahatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu, o‘z navbatida, biznes yuritish, soliq majburiyatlarini bajarishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tabiiyki, yangi inspeksiyaning to‘laqonli va sifatli faoliyat yuritishi uchun yuksak malakali kadrlar zarur. Ushbu inspeksiya uchun soliq organlari xodimlari, yirik korxonalarda tajriba orttirgan va biznes sohasiga doir mukammal bilimlarga ega ekspertlar orasidan 116 nafar mutaxassis tanlab olinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat soliq qo'mitasi yirik korxonalar

Baholaganlar

85

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing