“ATP finals” kutilmagan natija bilan yakunlandi
Sport
−
22 noyabr 2021
2640Kecha, 21 noyabr kuni Italiyaning Turin shahrida dunyoning uchinchi raqamli raketka ustasi germaniyalik Aleksandr Zverev va ikkinchi raqamli tennischi rossiyalik Daniil Medvedev o‘rtasida ATP yakuniy turnirining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Zverev raqibini ikki setda bir xil 6:4 hisobida mag‘lub etib, yilni g‘alaba bilan yakunladi va tennischilar o‘rtasidagi hisobni tenglashtirdi – 6:6. Aleksandr Zverev 1,600,000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli va 1,300 reyting ochkosiga ega bo‘ldi.
Novak Jokovichni yarim finalda mag‘lub etgan Aleksandr Andre Agassining 1990 yilda o‘rnatgan rekordini takrorladi. Zverev afsonaviy amerikalik tennischidan keyin yakuniy turnirning yarim final va final uchrashuvida dunyoning birinchi va ikkinchi pog‘onadagi raketka ustalarini mag‘lub etishni uddaladi.
Eslatib o‘tamiz, ikki tennischi ushbu turnirning guruh bosqichida o‘zaro to‘qnash kelgan va Medvedev uch setda raqibini mag‘lub etishni uddalagan edi.
Ma’lumot uchun, Daniil Medvedev joriy yilning sentyabr oyida mavsumning eng so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri – US Open g‘olibiga aylangan edi.
LiveBarchasi