Atamboyevning uyiga navbatdagi hujum boshlandi

Olam

image

Avvalroq, Qirg‘izistonning Qo‘y-Tosh qishlog‘ida mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlangani haqida xabar bergan edik. Birozdan keyin OAVda Atamboyev ushlangani aytildi.

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning uyiga navbatdagi hujum boshlandi. Atamboyev shtabining xabar berishicha, otishma ovozi eshitilyapti, yorug‘lik va shovqinli granatalar qo‘llanilyapti. Bu haqda "knews" xabar berdi.

Atamboyev tarafdorlarining ta’kidlashlaricha, 200 ga yaqin ichki ishlar xodimlari hujumda ishtirok etishyapti. Shuningdek, Sputnik Kirgiziyaning ma’lumotiga ko‘ra, beshta avtobus, uchta “KamAz” va ikkita mikroavtobus ichki ishlar xodimlari bilan qishloq tomonga qarab yo‘llangan.

Atamboyev hali ham o‘zining qarorgohida tansoqchilari bilan turibdi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston parlamenti joriy yilning 20 iyun kuni Atamboyevning daxlsizligini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilib, uni mamlakat Bosh prokuraturasiga yubordi.

Prokuratura Atamboyevni Issiq-ko‘l viloyatida yer uchastkalarini qayta profillash, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat poytaxtidagi Tarix muzeyi rekonstruksiyasida korrupsiyaga qo‘l urganlikda, jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevni jazoni o‘tash joyidan noqonuniy ozod qilishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqardi. Agar sud uni aybdor deb topsa, Atamboyev butun umrga qamalishi mumkin.

Atamboyevning o‘zi parlament a’zolarining ayblovini “mavhum” deb, xalq oldida vijdoni toza ekani va Prezidentligidagi barcha harakatlari uchun javob berishga tayyor ekanini ta’kidladi.

22 iyul kuni Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mirlan Kanimetov va tergov guruhi Almazbek Atamboyevni tergovga chaqirish uchun uning rezidensiyasiga kelgandi. Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, quruq qo‘l bilan ortga qaytishga majbur bo‘ldi.

Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan. Atamboyev birinchi to‘liq prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimni tark etgan birinchi prezident bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Almazbek Atamboev

Baholaganlar

154

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing