Atamboyev qay holatda qamoqdan chiqishi aytildi
Olam
−
22 dekabr 2021
15281Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevga nisbatan ikki ish bo‘yicha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi. Bu haqda Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi matbuot xizmati xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, “Kalis-Ordo” turar-joy massivida maktab qurish va Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish bo‘yicha ishlar bir protsessga birlashtirilgan. Aynan shu epizodlar bo‘yicha ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan, chunki Qirg‘iziston Respublikasining yangi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ayblanuvchini tergov izolyatorida bir yildan ortiq ushlab turish mumkin emas.
Atamboyevning advokati Zamir Jooshevning tushuntirishicha, agar Oliy sud 2013 yilda Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilgani haqidagi ish bo‘yicha qarorini bekor qilsa, siyosatchi ozod etilishi mumkin.
Qayd etilishicha, joriy yilning 12 oktyabr kuni Oliy sud Bosh prokuratura talabiga binoan Atamboyevga bu ish bo‘yicha chiqarilgan hukmni qayta tiklagan. Sud 2020 yil noyabr oyida quyi sudlar hukmini bekor qilish to‘g‘risidagi o‘z qarorini bekor qilgan. Shundan so‘ng Oliy sud ishni Pervomayskiy tuman sudiga ko‘rib chiqish uchun yuborgan.
“Ertaga ular o‘tgan yilgi shikoyatimizni yana ko‘rib chiqadi. Agar Oliy sud kollegiyasi himoya tarafini olsa, hukm yana bekor qilinishi mumkin. Bu holatda Atamboyev yana sudlanuvchi emas, ayblanuvchi bo‘ladi. Hukm bekor qilingandan so‘ng, bu holatda ehtiyot chorasi qo‘llanilmasligi kerak”, degan Jooshev.
U Qo‘y-Tosh voqealari, jinoiy daromadlarni legallashtirishdagi korrupsiya kabi boshqa epizodlarda ham ehtiyot chorasi qo‘llanilmaganini ta’kidlagan. Batukayev ishi bo‘yicha Atamboyev 11 yil-u ikki oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston poytaxtining markaziy maydonida o‘tgan yilning 5-6 oktyabr, shuningdek 9 oktyabr kunlarida turli siyosiy kuchlar tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Natijada g‘alabani amaldagi Prezident Sadir Japarov tarafdorlari qo‘lga kiritib, raqiblarni maydonni tark etishga majbur qilishdi. To‘qnashuvlar chog‘ida noma’lum shaxs Atamboyev bo‘lgan mashinaga to‘pponchadan bir necha bor o‘q uzgan, biroq sobiq davlat rahbari jarohat olmagan. Jinoyatchi hali topilmagan.
Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev birinchi marta 2019 yilning avgustida hibsga olingan. Keyinchalik unga bir nechta ayblovlar qo‘yildi, jumladan yerlarni taqsimlashda korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillikka urinish va hokazo. U bir necha oy oldin sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan tibbiy shifoxonaga ega bo‘lgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgan.
LiveBarchasi