“Atalanta” bosh murabbiyini iste’foga chiqardi
Sport
−
11 noyabr 864 2 daqiqa
Italiyaning “Atalanta” klubi bosh murabbiyi Ivan Yurich bilan hamkorlikni yakunladi. Bu qaror jamoaning joriy mavsum A Seriyada ketma-ket 7 ta o‘yinda g‘alaba qozona olmagani ortidan qabul qilindi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Murabbiy iste’fosi “Atalanta”ning A Seriyaning yangi vakili “Sassuolo”dan 0:3 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchraganidan ikki kun o‘tib e’lon qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jamoani endilikda “Monza” va “Fiorentina” sobiq ustozi Raffaele Palladino boshqarishi kutilmoqda. U “Atalanta”ni amaldagi chempion “Napoli”ga qarshi o‘yinga tayyorlashi mumkin.
Ketma-ket mag‘lubiyatlar va 5 ta durangdan so‘ng “Atalanta” turnir jadvalida peshqadam “Inter” va “Roma”dan 11 ochkoga ortda qolmoqda. Shunga qaramay, Chempionlar ligasida bergamoliklar nisbatan barqaror natija ko‘rsatib, 2 g‘alaba, 1 durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan va jadvalda 16-o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot uchun, bu iste’fo joriy mavsum A Seriyada murabbiylar almashinuvi bo‘yicha to‘rtinchi holat. Bundan oldin “Yuventus”, “Jenoa” va “Fiorentina” ham bosh murabbiylarini iste’foga chiqargan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amsterdamning “Ayaks” klubi bosh murabbiyi Jon Xeytinganing shartnomasini bekor qilgan edi.
Live
Barchasi