Asrning “boshi tosh” futbolchilari
Sport
−
06 fevral
5539Futboldagi eng muhim hodisa bu gol hisoblanadi. Lekin bosh bilan to‘p kiritish borasida XXI asrda kim qanday natija qayd etganligi ko‘pchilik uchun qiziq. Biz esa sizga boshi bilan eng ko‘p gol urgan futbolchilar reytingini taqdim etamiz.
Arits Aduris - 63 ta
Ispaniya terma jamoasi va “Atletik Bilbao” klubi sobiq hujumchisi Arits Aduris faoliyati davomida 640 ta o‘yinda maydonga tushib, 221 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. Futbolchi gollarining 22 foizi bosh bilan urilgan.
Olive Jiru - 65 ta
Zamonaviy futbolda Jiru qolgan hujumchilarga qaraganda oddiy gollarni kam uradi. Uning chayon uslubidagi goli ko‘pchilik muxlislarning yodida qolgan. Ammo u shu vaqtga qadar bo‘yi unchalik baland bo‘lmasa ham boshi bilan 65 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Boshi bilan urgan eng yodda qolarli goli 2022 yilda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati doirasida Angliyaga kiritgan to‘pi bo‘ldi.
Edin Jeko - 66 ta
Bugunga kelib, Turkiyaning “Fenerbaxche” klubida faoliyatini davom ettirayotgan bosniyalik futbolchi karerasi davomida boshi bilan 66 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Joriy mavsumda u klub safida 15 ta gol kiritdi, shundan bittasi bosh bilan.
Bas Dost - 68 ta
35 yoshli futbolchi 2024 yilning yozidan beri erkin agent bo‘lib turibdi. Uning “Volfsburg” klubidagi faoliyati juda sermahsul o‘tgan. Dos karerasi davomida umumiy 462 ta o‘yinda maydonga tushib, 231 ta gol urgan va shuning 25 foizi bosh bilan kiritilgan.
Xarri Keyn - 68 ta
Deyarli barcha turdagi gollarni urishga qodir bo‘lgan futbolchi Xarri Keyn bugungi kunning eng sermahsul hujumchilaridan biri hisoblanadi. Keynning bosh bilan urgan gollarining aksariyati “Tottenxem” va Angliya terma jamoasi tarkibidagi faoliyatiga to‘g‘ri keladi. “Bavariya” safida u kiritgan golning 67 tadan 12 tasi bosh bilan urilgan.
Radamel Falkao - 71 ta
Ro‘yxatdagi eng kichik bo‘yga ega bo‘lgan hujumchi Falkao bosh bilan gol urish borasida ham uncha-muncha hujumchilarni ortda qoldirdi. Radamel bo‘yi past bo‘lishiga qaramay, ancha balandga sakray olardi. Ayni damga kelib, 38 yoshli hujumchi Kolumbiyaning “Millionarios” klubida to‘p tepmoqda. Falkao professional faoliyati davomida umumiy 571 ta o‘yinda o‘yinda maydonga tushib, 262 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Fernando Lorente - 77 ta
To‘p havolatib jarima maydonchasi ichiga uzatilganda Lorente aksariyat hollarda ushbu uzatmalarni golga aylantirgan. Ispaniyalik futbolchi katta o‘yinlarda boshi bilan gol urib, jamoasini qutqarib ketgan vaziyatlari ham ko‘p bo‘lgan. Uning faoliyatidagi 207 ta golning 36.6 foizi bosh bilan urilgan.
Robert Levandovski - 91 ta
“Barselona”ga o‘tganidan beri Levandovski har xil uslubdagi gollarni kiritdi. Ular orasida 10 tasi bosh bilan. 36 yoshli futbolchi, shubhasiz, barcha davrlarning eng zo‘r hujumchilari qatoriga kiradi. Hozirga kelib, o‘z hisobiga 100 dan ortiq gol yozdirib qo‘ygan.
Lyuk De Yong - 105
So‘nggi bir yarim mavsumda De Yong boshi bilan 18 ta gol urdi va hali hamon o‘zining darajasini ko‘rsatishda davom etmoqda. 34 yoshli futbolchi 2022 yilda PSVga qo‘shilganidan beri ajoyib formada va u bu ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Krishtianu Ronaldu - 120
Yana kimni kutgandingiz? XXI asrda barcha o‘yinchilardan ko‘ra ko‘proq gol urganini hisobga olsak, Ronaldu boshi bilan gol urish borasida ham yetakchi. Uning faoliyatidagi umumiy gollarining taxminan 13 foizi bosh bilan urilgan gollarni tashkil etadi. U karerasida 1261 ta o‘yinda maydonga tushib, 923 ta gol urdi.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart