Asr o‘g‘irligi. “Mona Liza”ni kim o‘margan?

Bu qiziq

image

Leonardo da Vinchining butun dunyoga mashhur asari “Mona Liza” o‘g‘irlanganidan so‘ng mashhurlikka erishganini bilarmidingiz? QALAMPIR.UZ`ning ushbu maqolasida olamshumul o‘g‘irlik haqida bilib olishingiz mumkin.
 
“Mona Liza” nomi bilan mashhur bo‘lgan “La Gioconda” surati italyan musavviri da Vinchi tomonidan taxminan 1503 yilda chizilgan. Surat Jokonda ismli xonimning portreti ekanligi taxmin qilinadi.

Suratni “Luvr”da ishlagan Vinchenso Peruja ismli xodim o‘g‘irlagan. Bu ish u uchun qiyinchilik tug‘dirmagan. Sababi Vinchenso muzeyda 16 asr durdonalari uchun himoya korpusini yaratishga yordam bergan.  

Hammasi 1911 yil 20 avgust kuni sodir bo‘lgan. O‘shanda yakshanba edi. Peruja va uning ikki sherigi xavfsizlikning zaifligidan foydalanib, “Luvr”dagi saqlash shkafiga yashiringan. Ertasi kuni ertalab ular Leonardo da Vinchining bebaho asarini matoga o‘rab, yon eshikdan xotirjamlik bilan olib chiqib ketgan.

Eng hayratlanarlisi shundaki, asar yo‘qolganini faqatgina 24 soatdan keyin payqashgan. O‘shanda “Mona Liza”ning nusxasini chizmoqchi bo‘lgan rassom devorda surat o‘rni bo‘sh turganini payqab qoladi.


Politsiya odamlarni so‘roq qilishni boshlagan va “Luvr”ni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlagan. Ommaviy axborot vositalari esa bu voqea haqida bong urgan. Muzey qayta ochilganda, bo‘sh qolgan devor ilgaklarini ko‘rish uchun olomon yopirilib kela boshlagan. 

Peruja esa barchasi tinchishini naqd ikki yil kutgan. Ammo butun boshli “Mona Liza”ni o‘g‘irlashni uddalagan odam kichik xatosi tufayli qo‘lga tushgan. U 1913 yilda suratni Italiyaga qaytarish maqsadi borligi haqida suratfurush Alfredo Geriga xat yozgan. U esa bu haqda politsiyaga xabar bergan. Peruja 11 dekabrda hibsga olingan. 

O‘g‘ri qamoqda ko‘p o‘tirmadi. Uni 7 oydan keyin qo‘yib yuborishgan. Surat ham o‘z o‘rniga qaytdi. Ammo ushbu “asr o‘g‘irligi” suratning shuhratini oshirib yubordi.

Tarixda ko‘ngilsiz hodisalarning yakuni xayrli bo‘lganiga oid misollar ko‘p. “Mona Liza” voqeasi ham ulardan biriga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Luvr o'g'irlik Mona Liza da Vinchi Jokonda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing