Asosiy vazifa samboni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish – Shestakov
Sport
−
12 noyabr 2021
2493O‘zbekiston koronavirus sharoitida sambo bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilishga rozilik bildirib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) prezidenti Vasiliy Shestakov Jahon chempionati boshlanishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Koronavirus sabab mezbon JCHni qabul qila olmadi. Alisher Alimov boshchiligidagi O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi esa bunday vaziyatda mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Buning uchun O‘zbekistonga rahmat aytaman. Masofa uzoqligiga qaramay, Dominikan Respublikasi, Trinidad va Tobago, Venesuela, Kosta-Rika, AQSH terma jamoalari O‘zbekistonda bo‘layotgan Jahon chempionatida qatnashishmoqda. Koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar turli mamlakatlarda boshqacha. Ba’zi davlatlarda zallar ham ishlamayapti. Lekin sambo sporti Panamerikada ham rivojlanib borayotganini e’tirof etishimiz lozim”, deydi Shestakov.
Shuningdek, FIAS prezidenti samboni Olimpiada dasturiga kiritish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, shunday dedi:
“Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinganimizdan so‘ng, biz bunga ishonishni boshladik. Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqishni amalga oshirmoqchimiz. Samboni rivojlantirish yo‘lida AQSH bilan ham hamkorlik qilyapmiz. Bizning mashhur sambo elchilarimiz bor. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bilan til topishgan holda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishga harakat qilamiz. XOQ musobaqani qanday o‘tkazishimizni kuzatib turadi”.
Tadbirda Shestakovdan tashqari Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullayev, mintaqaviy federatsiyalar rahbarlari va O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov ishtirok etdi. Ta’kidlash joiz, joriy yilning iyul oyida FIAS Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinganidan so‘ng, Jahon chempionati ilk marotaba tashkil etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Roman Shakirov murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ushbu turnirda to‘liq tarkibda ishtirok etadi.
LiveBarchasi