“Asirdagi askarlarimizga shafqatsiz munosabat qilingan”. Ozarbayjon HRW ayblovlariga javob qaytardi

Olam

image

Avvalroq, 19 mart kuni Inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti Tog‘li Qorabog‘dagi jang paytida asirga olingan armanistonlik harbiylarga nisbatan Ozarbayjon kuchlari tomonidan yomon muomalada bo‘lib kelingani to‘g‘risida bayonot bergan edi. 

Bugun, 24 mart kuni Ozarbayjonning Inson huquqlari bo‘yicha ombudsmani Sabina Aliyeva tashkilotning yuqoridagi bayonotiga o‘z munosabatini bildirdi.

“Biz Human Rights Watch’ning armanistonlik harbiy asirlarga nisbatan Ozarbayjon kuchlari tomonidan yomon muomalada bo‘lib kelingani to‘g‘risidagi hisobotda noxolis yondashuv aks etgani va xalqaro hamjamiyatni chalg‘itayotganini afsus bilan qayd etamiz“, deydi Sabina Aliyeva.

Ombudsmanning ta’kidlashicha, mojarolar, ularning oqibatlari, harbiy asirlar, xalqaro gumanitar huquqning buzilishi va boshqa shu kabi nozik masalalarda xolislik tamoyiliga rioya qilish hamda bir tomonlama munosabatdan qochish uchun faqat tasdiqlangan faktlar, asosli dalillardan foydalanish kerak.

"Shuningdek, mustaqil xalqaro va mahalliy inson huquqlari tashkilotlari kabi ishonchli manbalardan olingan materiallar hamda faktlarga murojaat qilinishi kerak. Afsuski, biz HRW hisobotida ushbu tamoyillarni ko‘rmayapmiz. Aksincha, ikki tomonlama standartlarga, haqiqat va faktlarning buzilishiga guvoh bo‘lishda davom etmoqdamiz.

Biz tashkilotning surishtiruv o‘tkazishini hamda noto‘g‘ri munosabat to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishi mumkin bo‘lgan Ozarbayjonning harbiy asirlarini tergov va so‘roq qilishlarini kutib qolamiz. HRW hech bo‘lmaganda, o‘z hisobotlarini e’lon qilishdan oldin Ozarbayjon ombudsmanining arman harbiylari tomonidan ozarbayjonlik harbiy asirlar va garovga olinganlarga nisbatan munosabat to‘g‘risidagi hisobotini o‘qishi mumkin edi.

Ozarbayjon ombudsmanining hisobotida ozod etilgan harbiylar va garovga olinganlarning ko‘rsatmalari mavjud. Masalan, ombudsman tomonidan shaxsan olib borilgan suhbat chog‘ida sobiq harbiy asirlardan biri uni o‘tkir temir tayoq bilan urishgani, boshqasi uni tok bilan qiynashgani, uchinchisi esa uni bir necha bor “zajigalka“ bilan yoqishganini ma’lum qilgan.

Ombudsman bilan yuzma-yuz uchrashganda, ozod qilingan harbiy asirlardan biri, jangovar harakatlar paytida u yirik kalibrli quroldan o‘q tegishi oqibatida chap oyog‘i va o‘ng ko‘zidan jiddiy jarohat olganini aytdi. Qon ketishini to‘xtatish uchun armanistonlik shifokor og‘riq qoldiruvchi vositalardan foydalanmasdan, taxminan uch soat davomida yaradorning jarohatini tikkan. Bundan tashqari, shifoxonadagi hamshiralar unga spirtli aralashmadan ukol qilib, o‘zlaridan keyin aytilganlarni takrorlashni talab qilgan va agar mahbus buni rad etsa, uni yanada qiynoqqa solib, shafqatsiz munosabatda bo‘lgan.

Bundan tashqari, ozarbayjonlik mahbuslarga oila a’zolari va qarindoshlari bilan muloqot qilish imkoniyati berilmagan.

Yuqorida biz tashkilotga yetkazishni istagan ba’zi bir qiynoqqa solish holatlari bo‘yicha misollar keltirdik. Ushbu mavzu yuzasidan batafsilroq ma’lumotni Ozarbayjon ombudsmanining Armanistondagi ozarbayjonlik harbiy asirlarga nisbatan qilingan munosabat to‘g‘risidagi hisobotida olish mumkin. Shuningdek, hisobotda Armaniston askarlari tomonidan Ozarbayjon harbiy asirlari qiynoqqa solingani haqidagi tortishuvsiz dalillarni namoyish etuvchi videofilmlarga havolalar mavjud“,  deyiladi sharhda.

Ozarbayjon ombudsmaniga ko‘ra, xalqaro gumanitar huquq qurolli nizolar paytida tomonlardan har qanday sharoitda ham harbiy asirlarga insoniy munosabatda bo‘lishni talab qiladi. 

“Shuni ta’kidlashni istardikki, tomonlarni Uchinchi Jeneva Konvensiyasi talablariga rioya qilishga hamda HRW’ni xolis bo‘lishga chaqiramiz“, deyiladi hujjatda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.

O‘tgan yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

101

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing