Asila Mirzayorova qanday lavozimga tayinlangani ma’lum bo‘ldi (video)
Sport
−
23 Oktabr
29825Parij-2024 Paralimpiadasi g‘olibi Asila Mirzayorova Ijtimoiy himoya milliy agentligida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakili sifatida ish boshlaydi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 22 oktyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligida bo‘lib o‘tgan tadbirda Mirzayorova yangi lavozimga tayinlangan.
“Agentligimiz oilasiga yana bir paralimpiya chempioni qizimiz kelib qo‘shildi. Biz Asila bilan Parijda birga ishlashni niyat qilgan edik. Bugun shu niyatimiz amalga oshdi. Asila Mirzayorova Agentlik maxsus vakili bo‘ldi. Agentlik oilasiga xush kelibsiz Asila! Asila juda kuchli va aqlli qiz. Asila Nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Endi bizning jamoamizda Diyora va Asila kabi chempion qizlarimiz bor. Men ishonaman biz yanada kuchli bo‘ldik va yangi yuksak marralarni birgalikda zabt etamiz!”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
Tadbirda so‘zga chiqqan Paralimpiada chempioni bildirilayotgan ishonch uchun o‘z minnatdorligini bildirib, agentlik maxsus vakili bo‘lishga rozi bo‘lganining sababini izohladi.
“Men uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil sifatida ish boshlash katta sharaf va mas’uliyat. Bu vazifa menga nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlarini himoya qilish va teng imkoniyatlar yaratishga o‘z hissamni qo‘shish imkoniyatini beradi. Paralimpiya sportchisi sifatida men jismoniy va ijtimoiy to‘siqlarni qanday yengishni bilaman va har bir inson jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishi kerak, deb ishonaman”, deydi Mirzayorova.
Tadbir davomida Asila Mirzayorova, maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, inklyuziv muhit yaratishda o‘z hissasini qo‘shishidan mamnunligini alohida bildirdi.
Qayd etish joiz, mazkur Ijtimoiy himoya milliy agentligida Parij-2024 Olimpiadasi chempioni, dzyudochi Diyora Keldiyorova ham Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakil hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Asila Mirzayorova 1999 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. U para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiada o‘yinlari kumush medali sohibi va ikki karra Jahon chempionati g‘olibi hisoblanadi.
LiveBarchasi