Prezident 2019 yilning oxirgi ish kunida yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
31 dekabr 2019
14032O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning oxirgi ish kunida parlament palatalari rahbarlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan uchrashib, yil yakunlarini sarhisob qildi va 2020 yildagi muhim vazifalarni belgilab berdi.
Mamlakatimizda barcha sohalarda dadil islohotlar amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, hududlarning imkoniyatlarini to‘la yuzaga chiqarib, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Tashabbus va takliflar qo‘llab-quvvatlanib, moliyaviy, tashkiliy jihatlari hal qilib berilmoqda.
Bunday keng ko‘lamli ishlar natijasi har bir jabhada sezilyapti. Ilgari ilojsizdek tuyulgan masalalarga yechim topilmoqda. Eng muhimi, xalqning turmush sharoitlari yaxshilanmoqda, oddiy odamlar davlatdan, hayotdan rozi bo‘lyapti.
Yurtimizdagi o‘zgarishlarni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda. Xususan, dunyodagi eng nufuzli nashrlardan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning “Ekonomist” jurnali O‘zbekistonni 2019 yilda eng jadal islohotlarni amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi.
Shuningdek, Jahon bankining 2019 yildagi “Biznes yuritish” reytingida ham O‘zbekiston eng ilg‘or islohotchi mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi.
Bunday muvaffaqiyatlar 2020 yilda ham davomli bo‘lishi, yanada yaxshilanishi uchun tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni bajarib, eng yuqori natijalarni ta’minlash lozim.
Davlatimiz rahbari bugun erishilgan natijalar hali marra emasligi, oldimizda aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini oshirish, imkoniyatlardan kengroq foydalanish uchun 2020 yil sinov yili bo‘lishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda 2019 yilda yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, 2020 yilga belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, mas’ul ijrochilar va muddatlarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, bevosita joylarga borib, ularning ijrosini tashkil qilish va doimiy nazoratni ta’minlash kerakligi aytib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasi ijro hokimiyati faoliyatini samarali tashkil etib, har bir vazirlik, davlat qo‘mitasi va boshqa idoralarning 2020 yil har choragi uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarini ishlab chiqib, ijrosini qat’iy nazoratga olishi zarurligi qayd etildi.
Kelgusi yilda davlat korxonalarini samarali boshqarish va iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar qilish zarurligi ta’kidlandi.
Investitsiya dasturidagi infratuzilma ob’ektlarini qurish va ishga tushirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish, transport, ayniqsa, temir yo‘l va aviatsiya sohasida boshlangan islohotlarni jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
Qurilish-pudrat va loyiha bozorini tartibga solish, bu bozorda erkin raqobat muhitini va zamonaviy shaharsozlik me’yorlarini joriy etish, qurilishni arzonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, ichimlik suvi, issiqlik ta’minoti sohasidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyani pasaytirish, narx-navoni shakllantirishni to‘liq bozor munosabatlariga o‘tkazish, erkin raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, iste’mol tovarlarni, ayniqsa, oziq ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va xarajatlarni kamaytirish orqali narx-navoning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Bank tizimidagi islohotlarni davom ettirish, qulay va sifatli bank xizmatlarini kengaytirish ham muhimligi ta’kidlandi.
Xalqimizda tadbirkorlik tashabbuslarini oshirish, boqimandalik kayfiyatidan xalos etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda qulay biznes muhitini yaratish, jumladan, soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish, axborot texnologiyalarini keng qo‘llash va inson omilini maksimal qisqartirish zarurligi ta’kidlandi.
Tashqi savdo va investitsiya borasidagi ishlarni samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va xorijiy kreditlarni samarali ishlatish, ularni aniq natija beradigan loyihalarga yo‘naltirish, investorlar bilan manzilli ishlashni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, xorijiy tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etib, aniq natijalarni ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyotimizning eksport salohiyatini oshirish, eksportning tarkibi va geografiyasini diversifikatsiya qilish, yangi bozorlarga chiqish uchun tashqi savdoni tubdan takomillashtirish talab etiladi. Bojxona, standart, karantin kabi sohalarni isloh qilib, ularni tadbirkorga ko‘makchiga aylantirishni taqozo etadi.
Yig‘ilishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa ijtimoiy sohalardagi islohotlarni izchil davom ettirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Kelgusi yilda turistlar oqimini 7,5 millionga yetkazish va xizmatlar eksportini 1,5 milliard dollardan oshirish bu sohadagi eng ustuvor vazifaligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlarni, ayniqsa, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oila oldidagi mas’uliyatni anglash, psixologik tayyorgarlik va oiladagi munosabatlarni to‘g‘ri o‘rnatish, oilada sog‘lom muhitni yarata olish zarur.
Agrosanoat majmuiga kiruvchi tarmoq va soha rahbarlari uchun Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosini ta’minlash kelgusi yil uchun eng ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Bunda, paxta, g‘alla, sholi klasterlariga kerakli sharoitlar yaratish, yangi tizimda yuzaga keladigan muammolarni muntazam tahlil qilib, ularni bartaraf qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda neft-gaz, kimyo tarmoqlari, energetikani rivojlantirish, ushbu sohalarga xususiy sektor va investitsiyalarni faol jalb qilish, xomashyo qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda belgilangan topshiriqlarni to‘liq va sifatli amalga oshirish uchun barcha rahbarlar o‘z tizimida pastga tushib, xodimlar va resurslarni maksimal darajada safarbar qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz tomonidan qo‘tarilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri, Bosh vazir va hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari yig‘ilishda so‘zga chiqib, berilgan topshiriqlarni sifatli bajarish bo‘yicha sohalarda tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishlarini ta’kidladilar.
LiveBarchasi