“Ashaddiy Kremlparast”. Portlab ketgan Dugina kim edi?
Tahlil
−
23 avgust 2022
19727Bugun Rossiya jamoatchiligi faylasuf va “rus dunyosining” eng ko‘zga ko‘ringan mafkurachilaridan biri Aleksandr Duginning qizi, jurnalist Darya Dugina vafotini muhokama qilmoqda. U 20 avgust kuni kechqurun mashinasi portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Rossiya huquq-tartibot idoralari fojiani Ukraina xavfsizlik kuchlari uyushtirganini aytmoqda. Kiyev esa buni inkor qilyapti.
So‘nggi vaqtlarda otasining yaqin yo‘ldoshlaridan biriga aylangan Darya Dugina mustaqil “siyosatshunos” va publitsist rolida ham tez-tez ko‘rinish bergan. U Platonova taxallusi bilan hukumatparast OAVlarda G‘arbni tanqid qilib, Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilishini yoqlagan. Uning vafoti munosabati bilan hatto shaxsan Prezident Vladimir Putin hamdardlik bildirib, uni “Jasorat” ordeni bilan taqdirladi.
Quyida Darya Dugina kim bo‘lgani, bir necha marta uydan qochishga uringani va atigi bir necha yilda ashaddiy hukumatparastga aylangani haqida so‘z yuritamiz.
Duginaning bolaligi
Darya Dugina 1992 yil 15 dekabrda Yevroosiyo harakati mafkurasi, Xalqaro Yevroosiyo harakati va Yevroosiyo yoshlar ittifoqi rahbari, faylasuf Aleksandr Dugin va faylasuf Natalya Melenteva oilasida tug‘ilgan.
Darya 2014 yilda (Rossiya Qrimni anneksiya qilganida) uning o‘zi Moskva davlat universitetining falsafa fakultetini tamomlagan, so‘ngra Prokl Diadox sharhlarida qadimgi yunon faylasufi Platonning siyosiy falsafasi talqini bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yozgan. “Meduza” nashrining falsafa fakultetidagi manbasi Dugina eng iqtidorli va “eng aqlli” talabalardan biri bo‘lganini aytgan.
Duginaning tanishi Viktoriya Skuybedina faylasufning qizi talabalik davrida bir necha bor uydan qochishni rejalashtirganini eslagan:
“U oilasini, ukasini yaxshi ko‘rardi, shunday tarbiyalangan. Bir kuni yarim tunda Dashaning onasi Natalya menga qo‘ng‘iroq qildi, keyin Aleksandr Geliyevichning (Dugin) o‘zi: Dasha g‘oyib bo‘ldi [lekin keyinchalik topildi], dedi. Men undan nima bo‘lganini so‘raganimda, u shunchaki sevib qolgan bir yigit bilan bo‘lganini aytdi”, degan Skuybedina.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p o‘tmay Dugina Fransiyaga o‘qish uchun jo‘nab ketgan.
Fransiyada, 2012/13 o‘quv yilida, Dugina Mishel de Montenya nomidagi Bordo III universitetida akademik amaliyot o‘tadi. Ushbu amaliyot doirasida u “platonizmni o‘rganishning fransuz an’analari bilan tanishdi” va Fransiya kutubxonalarida xorijiy manbalar bilan ishladi. Ehtimol, uning ilmiy qiziqishlari tufayli Dugina keyinchalik Platonova taxallusini oldi.
Falsafa fakultetini tugatgach, Dugina aspiranturaga o‘qishga kirdi. 2020 yilgacha u ma’ruzalar qildi va Platon falsafasiga bag‘ishlangan o‘z o‘quv dasturini ishlab chiqdi.
Daryaning tanishlari u yoshligida musiqa bilan mashg‘ul bo‘lganini aytadi. U nay chalgan, uning Dasein May Refuse (“Dazayn rad etishi mumkin”) guruhi esa elektron musiqa bilan shug‘ullangan. Darya guruh nomi uchun otasi Aleksandr Duginning sevimli atamasi “Dazayn”ni tanlagan. Bu odatda Martin Xaydegger g‘oyalari bilan bog‘liq bo‘lgan falsafiy tushunchani bildiradi, unda “mavjudlik”, “aniq mavjudlik” falsafiy ma’nosi singdirilgan.
Uning do‘stlari Darya ochiqko‘ngil, yaxshi suhbatdosh ekanini, u bilan otasining g‘oyalaridan boshqa istalgan mavzuda gaplashish mumkinligini alohida urg‘ulaydi. Shuningdek, u murakkab ilmiy mavzularga, xususan, fransuz so‘l faylasufi Gi Deboraning g‘oyalariga qiziqqan.
“Bu g‘alati edi, chunki bundan oldin u Deboraga qiziqish bildirmagan va otasi unga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Uning qizi deb aytish qiyin edi. Keyinchalik u [Aleksandr Duginning] Xalqaro Yevroosiyo Harakatining faoli bo‘ldi, otasi uchun ma’ruzalar uyushtira boshladi va, ehtimol, uning ta’siri ostida, uning faol tarafdori bo‘ldi. Shu payt biz muloqotni to‘xtatdik”, deb eslaydi Duginaning tanishi “Meduza” bilan suhbatda.
“Siyosatchi” rolidagi Darya
2010 yillarning oxirida Dugina siyosatchi sifatida ommaviy axborot vositalariga izoh berishni boshladi. U dastlab tashqi siyosatga, keyin esa ichki siyosiy voqealarga baho berdi. Shunday qilib, 2018 yilda Kremlning RT telekanali veb-saytidagi ikkita kolonkada Dugina Fransiyada yaqin orada “Makron davrining oxiri” kelishini bashorat qildi, ammo uning bashorati amalga oshmadi. Uning Fransiyada 2022 yilgi prezidentlik saylovlarida Emmanuel Makronning ehtimoliy mag‘lubiyati haqidagi taxmini ham tasdiqlanmadi.
Sharhlovchi sifatida Darya Dugina boshqa hukumatparast ommaviy axborot vositalarida ham chiqdi – “Mash” nashrida, “Komsomolskaya pravda” radiosida, Sargrad-TV kanalida. Shuningdek, u Geopolitika.ru saytining sharhlovchisi edi.
Dugina otasining Dugin.tv sayti uchun ham materiallar tayyorlagan. Jurnalistlar ma’ruzachilarning kontaktlarini topishlari mumkin bo‘lgan Nutcall tizimida Duginaning telefon raqami otasining profilida matbuot kotibining aloqa raqami sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, u Yevroosiyo harakatining tadbirlarida ma’ruzachi sifatida chiqish qilgan.
U tadbirlarda “siyosatshunos, faylasuf, Yevroosiyo yoshlar ittifoqi ustozi Darya Platonova” sifatida tanishtirilgan. Uning qiziqish doirasiga “maxsus harbiy kuchlar” boshlanganidan keyin ”], o‘tkir antagonizm bosqichiga kirgan Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi xalqaro munosabatlar ko‘rsatilgan.
Dugina Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish qarorini ochiq qo‘llab-quvvatladi. 24 fevral kuni keng ko‘lamli urush boshlanishini o‘zining Telegram-kanalida (hozirda 18,6 ming kishi obuna bo‘lgan) u quyidagicha izohladi:
“Kecha men kimsasiz Moskva ko‘chasi bo‘ylab ketayotgan edim, uzoqda esa uy ustida Rossiya bayrog‘i hilpirab turardi. Va sokin shitirlash: ruslar kelyapti. Ayollarning sezgisi – kuchli. Negadir e’tiborni shu sokinlik va bayroqqa qaratdim. Boshimda shu shior –“Imperiya, bo‘l!” Men uyg‘ondim va imperiya amalga oshdi”, degan marhuma o‘shanda.
24 fevraldan keyin
Bosqin boshlanganidan beri Darya Dugina ikki marta Buyuk Britaniya va Avstraliyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
“Ikki marta bo‘lgan, chunki, aftidan, bu ro‘yxatlarni tuzuvchilar orasida o‘zgarishlar bo‘lgan. Va ular ro‘yxatga kiritish uchun yaxshiroq hech kimni topolmadilar meni – mulki bo‘lmagan oddiy jurnalistni [kiritdilar], degan u “Komsomolskaya pravda” radiosida “qora ro‘yxat”ga tushganiga izoh berib.
Britaniya rasmiylari Duginaning ro‘yxatga kiritilishini “u Ukraina va Rossiya bosqinchiligi haqida tez-tez va shov-shuvli dezinformatsiya manbai, Ukrainani beqarorlashtiradigan, uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazadigan yoki tahdid soluvchi siyosat yoki harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi bilan izohladi.
Dugina “Qora yuztalik” nashriyoti bilan yaqindan hamkorlik qilgan va uning asoschilari bilan do‘st edi. 2022 yil kuzining oxirida “Qora yuztalik” Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi “Z kitobi”ni chiqarishi kerak edi.
“Z kitobi” bu “ishtirokchilar va guvohlar: harbiylar, “ozod qilingan” shaharlarning tinch aholisi, ko‘ngillilar va urush muxbirlarining hikoyalari to‘plami”, deyiladi nashriyot saytida.
Darya Dugina ham kitob uchun matn yozmoqchi edi. 21 avgust kuni, uning o‘limi e’lon qilingandan so‘ng, nashriyot jamoasi Dugina shu kunlarda “Z kitobi”ga kiritilishi kerak bo‘lgan “Novorossiya va chegara metafizikasi” maqolasini topshirishi kerakligini e’lon qildi. Endi nashriyot Duginaning qoralamalari asosida maqola chop etib, uning xotirasiga bag‘ishlamoqchi.
Iyun oyining o‘rtalarida Dugina Mariupoldagi “Azovstal” zavodiga bordi. Britaniyalik jurnalist va bloger Grem Fillips (2015 yil martigacha u RT va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining “Zvezda” telekanalida ishlagan) va islandiyalik Rossiya bo‘yicha ekspert Xaukur Xauksson bilan birga u qo‘lga olingan zavoddan reportaj tayyorladi, keyinchalik u 2016 yilda Rossiyadan siyosiy boshpana olgan sobiq AQSH politsiyasi xodimi Jon Mark Duganning YouTube kanalida e’lon qilindi.
Dugina “Armiya-2022” harbiy-texnik forumida qilgan so‘nggi ma’ruzasida u Buchadagi qotilliklarni “Rossiya tajovuzi qurbonlari sifatida ko‘rsatilgan odamlarning jasadlari sahnalashtirilgan” deb atagan. Uning fikriga ko‘ra, “sahnalashtirish” G‘arb jamoatchiligini “ruslarning qonli jinoyatlariga” ishontirishga qaratilgan edi.
Otasi va uning g‘oyalari
Darya 2021 yilda bergan intervyusida: “Bunday insonning (Aleksandr Dugin kabi) qizi bo‘lish katta sharafdir. Odamlar umri davomida intilib, izlaydigan hikmat va bilimlar manbai menga bolaligimdan berilgan. Mening siyosiy faoliyatimning birinchi epizodlari – men Oq uy bilan nima sodir bo‘lishini [hujum paytida] kuzatayotgan onamning qo‘lidaman. Bu dadam allaqachon Oq uyni himoya qilgan 1993 yil edi. Men g‘ururlanaman va otam nomini munosib ulug‘lash, uning g‘oyalari va kurashini davom ettirish uchun hamma narsani qilaman”, degan.
Aleksandr Dugin – eng mashhur rus imperialist faylasuflaridan biri. U Bosh razvedka boshqarmasi generali oilasida tug‘ilgan. Otasining yuqori mavqeiga qaramay, Dugin yaxshi oliy ma’lumot olmagan: 2000 yilda falsafa fanlari nomzodi dissertatsiyasini himoya qilar ekan, u Oliy maktabning Shimoliy Kavkaz ilmiy markaziga Novocherkassk muhandislik-meliorativ institutining sirtqi bo‘limini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni taqdim etgan.
1970-yillarda Dugin yozuvchi Yuriy Mamleyevning Yujinskiy to‘garagiga qatnashni boshladi, u to‘garak yig‘ilishlarida uning asarlarini o‘qidi.
Mamleyev “Abadiy Rossiya” konsepsiyasining muallifi edi – bu “barcha buyuklik hali oldinda” bo‘lgan mamlakat va Rossiyaning o‘zi “davlat xalq bilan birlashgan baxtli joy, odamlar ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xudodan tarqalgani ishonishadi hamda donolik va sevgi bilan boshqariladi”.
Keyinchalik Dugin fashistik qarashlarga sodiq qolgan yozuvchi Yevgeniy Golovinning okkulsion doirasiga, 1980-yillarning oxirida “Xotira” milliy jamiyatiga qo‘shildi. SSSR parchalanishidan oldin Aleksandr Dugin sovetlarga qarshi edi, ammo Davlat favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi isyoni vaqtida fikrini o‘zgartirdi. 1993 yilda faylasuf Prezident Boris Yelsin va parlament o‘rtasidagi qarama-qarshilik paytida Oq uy himoyachilari safidan joy oldi.
Ko‘p o‘tmay, Dugin yozuvchi Eduard Limonov va musiqachi Yegor Letov bilan birgalikda Milliy bolsheviklar partiyasini tuzib, uning asosiy mafkurachisiga aylandi. 1998 yilda Dugin Limonovning aniq siyosiy qarashlari yo‘qligini aytib, partiyani tark etdi. Keyinchalik u Davlat Dumasi spikeri, nufuzli kommunist Gennadiy Seleznevning maslahatchisi bo‘lgan. 2008 yildan beri Dugin Moskva davlat universiteti professori, Moskva davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakulteti konservativ tadqiqotlar markazi rahbari va ayni paytda ushbu universitetning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.
2014 yilda Dugin rektor Viktor Sadovnichiyning qarori bilan Moskva davlat universitetidan ishdan bo‘shatildi: bunga faylasufning Ukrainadagi rus tarafdorlariga nisbatan vahshiyliklarga yo‘l qo‘yayotganlarni “o‘ldirish”ga ommaviy chaqirig‘i sabab bo‘ldi.
Dugin Yevroosiyo harakatining asoschisi hisoblanadi. Yevroosiyolik mafkurasi, Duginning fikricha, “dengiz va quruqlik” o‘rtasidagi geosiyosiy kurashdan iborat. U AQSH va Buyuk Britaniyani dengiz davlatlari, Rossiya va Sharq mamlakatlarini quruqlik davlatlari, deb ataydi. Dugin uchun ideal siyosiy tizim cherkov va dunyoviy hokimiyatning “simfoniyasi” bo‘lib, u monarxiyani boshqaruvning eng mukammal shakli, deb hisoblaydi.
LiveBarchasi