“Ash-Shifa”ni vayron qilayotgan SAXAL hech kimga shifoxonadan chiqishga ruxsat bermayapti – OAV 

Olam

image

Isroil harbiylari G‘azo sektori shimolidagi “Ash-Shifa” tibbiyot majmuasiga tegishli kamida uchta binoni vayron qildi. Bu haqda “Al Hadath” telekanali xabar berdi.

Aytilishicha, Isroil mudofaa kuchlari hech kimning tibbiyot muassasasi binosi va unga tutash binolarni tark etishiga ruxsat bermayapti.

“Ular “Ash-Shifa”da to‘sib qo‘yilganlar orasida jangarilar yo‘qligini, faqat yaradorlar, shifoxona bemorlari va ichki ko‘chirilganlar borligini juda yaxshi biladi”, deyiladi xabarda.

Tibbiyot majmuasi hududiga haligacha birorta xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ham kiritilmagan. Telekanal “Ash-Shifa”da qamalgan har bir kishi suv, oziq-ovqat va dori-darmonlardan mahrum bo‘lganligi sababli o‘lim xavfiga duch kelishidan ogohlantirgan.

O‘z navbatida, Isroil harbiylari 17 noyabrga o‘tar kechasi “Ash-Shifa” shifoxonasi xodimlariga 4 ming litrdan ortiq suv va 1,5 ming to‘plam tayyor ovqat topshirganini da’vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Isroil harbiylari 15 noyabr kuni “Ash-Shifa” shifoxonasiga hujum boshlagandi. Ular shifoxonada HAMASning asosiy qo‘mondonlik qarorgohi joylashgani, shuningdek, tibbiyot markazi ostida 200 ga yaqin harakat a’zolari yashiringani va 7 oktyabrdagi hujumda o‘g‘irlab ketilgan garovga olinganlar saqlanayotgan bir necha yerosti majmualari va tunnel borligini da’vo qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Ash Shifa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing