Asad rejimining qulashiga G‘arb yetakchilari qanday reaksiya bildirdi?
Olam
−
09 dekabr
5705Suriyada Asad rejimi quladi. Isyonchi muxolifat poytaxt Damashqni egalladi. Shom diyorini 50 yildan ortiq vaqt davomida idora qilib kelgan Asadlar oilasi mamlakatni tashlab ketdi.
Kecha, 8 dekabr kuni erta tongdan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirdi va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi.
Asad rejimining tugashiga G‘arb mamlakatlarining yetakchilari o‘z munosabatini bildirdi.
Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas:
“Asad diktaturasining tugashi ijobiy va uzoq kutilgan voqea. Bu Asadni qo‘llab-quvvatlovchilar – Rossiya va Eronning zaifligini ham ko‘rsatadi. Bizning ustuvor vazifamiz mintaqada xavfsizlikni ta’minlashdir. Men Suriya va mintaqadagi barcha konstruktiv hamkorlar bilan ishlayman”, degan u.
AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp:
“Asad ketdi. U o‘z mamlakatidan qochib ketgan. Uning himoyachisi Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya endi uni himoya qilishdan manfaatdor emas. Rossiya u yerda bo‘lishiga umuman hech qanday sabab qolmadi. Ular hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan va abadiy davom etishi mumkin bo‘lmagan, 600 mingga yaqin rossiyalik askar halok bo‘lgan yoki yaralangan Ukrainadagi urush tufayli Suriyaga bo‘lgan qiziqishlarini butunlay yo‘qotdi”, deya yozgan Tramp.
Germaniya kansleri Olaf Shols:
“Bashar Asad o‘z xalqiga shafqatsizlarcha zulm qildi, son-sanoqsiz jonlarni o‘ldirdi va ko‘plab odamlarni Suriyani tark etishga majbur qildi, ularning ko‘pchiligi Germaniyaga ham kelgan. Suriya xalqi dahshatli azob-uqubatlarni boshdan kechirdi. Shuning uchun Suriya ustidan Asad hukmronligining tugashi yaxshi yangilik”, deya yozilgan kansler bayonotida.
AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden:
“Nihoyat, Asad rejimi quladi. Bu rejimning qulashi adolatning asosiy harakatidir. Bu Suriyaning sabr-toqatli xalqiga o‘z mamlakatlari uchun yaxshiroq kelajak qurish yo‘lidagi tarixiy imkoniyatdir. Bu, shuningdek, xavf va noaniqlik momentidir. Hozir Suriya xalqi va butun mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Oldinga qarab, Qo‘shma Shtatlar quyidagilarni amalga oshiradi. Birinchidan, biz Suriya guruhlari bilan, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti boshchiligidagi jarayon doirasida Asad rejimidan uzoqlashib, mustaqil, suveren Suriyaga o‘tishni yo‘lga qo‘yish uchun hamkorlik qilamiz. Ikkinchidan, biz Suriya sharqida barqarorlikni ta’minlashga yordam beramiz, xodimlarimizni har qanday tahdidlardan himoya qilamiz. Biz ISHIDga qarshi missiyamizni davom ettiramiz. Uchinchidan, Suriyaning qo‘shnilari, jumladan Iordaniya, Livan, Iroq va Isroilni, agar Suriya tomonidan bu o‘tish davrida har qanday tahdid paydo bo‘lsa, biz qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Oq uy rahbari.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron:
“Vahshiy davlat quladi. Nihoyat. Men Suriya xalqiga, ularning jasoratiga, sabr-toqatiga hurmat bajo keltiraman. Ushbu noaniq lahzada men ularga tinchlik, erkinlik va birdamlik tilayman. Fransiya Yaqin Sharqdagi barchaning xavfsizligini ta’minlashga sodiq qoladi”, deya yozgan Makron.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer:
“Suriyadagi so‘nggi soatlar va kunlardagi o‘zgarishlar misli ko‘rilmagan darajada sodir bo‘lyapti. Biz mintaqadagi hamkorlarimiz bilan aloqadamiz, vaziyatni yaqindan kuzatib boryapmiz. Suriya xalqi Asadning vahshiy rejimidan juda uzoq vaqt azob chekdi va biz uning ketishini olqishlaymiz. Endi bizning asosiy e’tiborimiz siyosiy yechimning g‘alaba qozonishi, tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishini ta’minlashga qaratilgan. Biz barcha tomonlarni tinch aholi va ozchiliklarni himoya qilishga va yaqin soatlar va kunlarda eng zaif qatlamlarga zarur yordam yetkazilishini ta’minlashga chaqiramiz”, deyilgan uning bayonotida.
LiveBarchasi