Trampning Zelenskiydan hafsalasi pir bo‘ldi
Olam
−
10:15 5499 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp tinchlik rejasining so‘nggi versiyasi bilan hali tanishib chiqmagani uchun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiydan “hafsalasi pir bo‘lgani”ni aytdi. Shunga qaramay, Tramp Rossiyaning ushbu rejaga rozilik bildirishiga ishonmoqda. Bu haqda u kecha, 7 dekabr kuni Vashingtondagi Kennedi markazida taqdirlash marosimi chog‘ida aytdi.
Ma’lum qilinishicha, Zelenskiy tinchlik rejasining so‘nggi variantini hali o‘qib chiqmagan. Tramp esa bundan noroziligini yashirmadi.
“O‘tgan haftadagi muzokaralarimizdan so‘ng biz Vladimir Putin bilan gaplashdik, shuningdek, Ukraina yetakchilari, jumladan, Prezident Zelenskiy bilan ham suhbatlashdik. Va shuni aytishim kerakki, Prezident Zelenskiy taklifning so‘nggi versiyasini o‘qimaganidan biroz xafa bo‘ldim”, dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina xalqi tinchlik taklifini ijobiy qabul qilgan, Rossiya esa bunga rozilik bildirishga tayyor. “Albatta, Rossiya butun hududni nazorat qilishni afzal ko‘radi, biroq menimcha, ular rozi. Zelenskiy rozi bo‘lar-bo‘lmasiga esa ishonchim komil emas”, deya qo‘shimcha qildi AQSH Prezidenti.
Shu bilan birga, Vladimir Zelenskiy 6 dekabr kuni kechqurun o‘zining Telegram-kanalida AQSH Prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan bir kun avval o‘tkazilgan telefon suhbati haqida ma’lumot berdi.
“Amerikalik elchilar Ukrainaning asosiy pozitsiyalaridan xabardor. Suhbat qiyin bo‘lsa-da, konstruktiv o‘tdi”, dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov hamda Ukraina delegatsiyasi tarkibida Mayami muzokaralarida qatnashgan Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Andriy Gnatov muzokara natijalari yuzasidan unga hisobot beradi. Shundan so‘ng Zelenskiy London va Bryusselda Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Avvalroq, 6 dekabr kuni AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg urushni tugatish bo‘yicha kelishuv “haqiqatdan ham yaqinda” imzolanishi mumkinligini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, kelishuvning asosiy ikkita masalasi Donbassning kelajagi va Zaporije AES maqomi hal qilinishi lozim. “Agar biz shu ikki muammoni yecha olsak, qolgan masalalar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi”, degan u.
Keltirilishicha, hozirda Rossiya Ukraina hududining 19,2 foizini nazorat qiladi. Bunga anneksiya qilingan Qrim, butun Lugansk viloyati, Donetsk viloyatining 80 foizdan ortig‘i, Xerson va Zaporije viloyatlarining qariyb 75 foizi, shuningdek, Xarkov, Sumi, Nikolayev va Dnepropetrovsk viloyatlarining ayrim qismlari kiradi.
AQSHning dastlabki taklifiga ko‘ra, Zaporije atom elektr stansiyasi Xalqaro atom energiyasi agentligi nazorati ostida qayta ishga tushirilishi va ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida taqsimlanishi taklif etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, bugun, 8 dekabr kuni Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlari Londonda o‘tkaziladigan uchrashuvda Mayamidagi muzokaralardan so‘ng Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish borasidagi keyingi qadamlarni muhokama qilishlari kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukraina bilan urush boshlagandan beri erkaklarning 1 foizini yo‘qotgani haqida xabar berilgandi. Urushdan oldingi eng so‘nggi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga (2020–2021) ko‘ra, Rossiyada 68 milliondan ortiq erkak yashagan, Rossiya harbiylarining o‘limi soni 680 mingdan oshishi mumkin. Agar faqat mehnatga layoqatli erkaklar sonini hisobga olsak, bu urushda taxminan 430 ming kishi halok bo‘lgan deganidir. Ilgari G‘arb razvedka agentliklari Rossiya qurbonlari haqida o‘z hisob-kitoblarini taqdim etgan edi, ularga ko‘ra, Rossiya urush paytida 115 mingdan 200 minggacha erkak yo‘qotgan.
Live
Barchasi