Tramp Ronalduga qo‘ng‘iroq qildi

Sport

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 6 dekabr kuni Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubida o‘ynayotgan taniqli futbolchi Krishtianu Ronaldu bilan telefon orqali muloqot qilganini e’lon qildi.

Truth Social platformasidagi postida amerikalik yetakchi portugaliyalik futbolchi u bilan telefon orqali bog‘lanib, Oq uy va Oval kabinetga shu haftada qilgan safari uchun minnatdorlik bildirganini ta’kidladi.

“U nafaqat sportchi, balki shaxs sifatida aql bovar qilmaydigan inson”, deb ta’kidladi Tramp.

Noyabr oyida Ronaldu va uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Jorjina Rodriges Vashingtondagi ziyofatga taklif qilingan edi. Kechki ovqatda asosiy mehmon Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon, qabul qiluvchi tomon – Tramp va uning rafiqasi Melaniya Tramp bilan birga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Moliya vaziri Skott Bessant va Mudofaa vaziri Pit Hegset ham ishtirok etgan. Shuningdek, FIFA prezidenti Janni Infantino, Amazon asoschisi Jeff Bezos va amerikalik tadbirkor va milliarder Ilon Mask ham mehmonlar orasida bo‘lgan.

Tashrif davomida Amerika Prezidentining shaxsan o‘zi ularni Oq uy bo‘ylab aylantirdi. Tramp, shuningdek, bunday mashhur sportchi bilan uchrashish uning o‘g‘li Barron bilan munosabatlariga ijobiy ta’sir qilganini ta’kidladi.

Shuningdek, Tramp o‘zining ofisida Ronaldu bilan futbol o‘ynayotgani aks etgan sun’iy intellekt yordamida yaratilgan videoni ham e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq futbol bo‘yicha Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu aralash yakkakurashlar bo‘yicha WOW FC (The Way of Warriors FC) kompaniyasining hammuallifiga aylandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Krishtianu Ronaldu Al-Nasr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing