Asad rejimi qulagach, 100 ming suriyalik uyiga qaytdi – BMT
Olam
−
09:43
2086Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) Suriyada o‘tgan hafta Bashar Asad rejimi qulaganidan buyon 250 ming kishi o‘z uylariga qaytganini, ulardan 100 ming nafari mamlakat tashqarisida istiqomat qilayotgan suriyaliklar ekanini bildirdi. Bu haqda XMTning yozma bayonotida so‘z boradi.
Bayonotda 2011 yilda fuqarolik urushi boshlanganidan buyon Suriya katta vayronagarchilik va ommaviy ko‘chirilishlarni boshdan kechirgani, 6 milliondan ortiq suriyalikning mamlakatni tark etgani, 5,5 million kishining esa Suriya ichida uy-joyini tark etgani qayd etildi.
"Suriyada 17 million kishi hamon yordamga muhtoj va umumiy aholining 90 foizi qashshoqlik chegarasida yashaydi. Urushdan qochgan minglab suriyalik qochqinlar hozir uylariga qaytmoqda, boshqalari esa mahalliy sharoit ularning eson-omon qaytishiga imkon beradimi yoki yo‘qligini baholamoqda. O‘tgan hafta 250 mingga yaqin odam uyiga qaytdi, ularning 100 ming nafari mamlakat tashqarisida istiqomat qiluvchi suriyaliklar", deya xabar berdi tashkilot.
Suriyaliklar urush paytida tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada zo‘ravonlik va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘ldi, butun shaharlar vayronalarga aylangan. Hozirda Suriyada bo‘lgan XMT Bosh direktori Emi Pope BMT Suriyaning ulkan gumanitar ehtiyojlarini qondirish, rekonstruksiya qilishga ko‘maklashish va aholini barqarorlashtirish uchun hayotiy yordam berishini tasdiqladi.
"Bu 14 yildan ortiq vayronagarchilikli to‘qnashuvlar davomida juda ko‘p azob va g‘alayonlarni boshdan kechirgan Suriya xalqi uchun katta umid va tarixiy imkoniyatdir. Katta qiyinchiliklarga qaramay, xalqaro hamjamiyat suriyaliklarni hayotlarini tiklash va yaxshi kelajakni ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashi kerak", dedi u.
U donor davlatlar, hamkorlar va diplomatik missiyalarni Damashqqa XMT guruhlari joylashtirilgani haqida xabardor qildi va xalqaro hamjamiyatni qochqinlarni qaytarish uchun o‘z resurslarini safarbar qilishga chaqirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Yaqin Sharq bo‘yicha direktori Rema Jamus Imseysning aytishicha, bir million suriyalik 2025 yilning iyunigacha qaytishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Asad rejimini ag‘dargan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi rahbari Ahmad ash-Sharo (taxallusi Abu Muhammad al-Jo‘loniy) BMT va G‘arb mamlakatlari bilan aloqa o‘rnata boshlagani xabar qilingandi. Xususan, 16 dekabr kuni u Britaniya vakili Enn Snou bilan uchrashib, unga xalqaro sanksiyalarni bekor qilish zarurligi haqida gapirgandi. BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha bosh kotib o‘rinbosari Tom Fletcher ham 17 dekabr kuni Damashqda Suriyaning yangi rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin "ilhomlanganini" aytgan va "hayot uchun zarur bo‘lgan gumanitar yordam ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish uchun asos borligini" ta’kidlagan. Shuningdek, 17 dekabr kuni Damashqdagi nemis diplomatlari ham ilk bor Jo‘loniy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi.
LiveBarchasi