Asad qancha pulni “tuya qildi?”

Tahlil

53 yil davomida Suriyani idora qilib kelgan Asadlar rejimi qulagandan so‘ng uning ortidan qolgan bir qancha qora dog‘lar bugun dunyo e’tibor markazidagi asosiy mavzu bo‘lib turibdi. “O‘lim lageri” va “Yerdagi do‘zax” nomi bilan tanilayotgan Saydnaya qamoqxonasidagi dahshatli manzaralar hamda unda rejim tomonidan yillar davomida ruhan va jismonan ezg‘ilangan suriyaliklarning tasvirlari dunyoni junbishga keltirmoqda. 

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu dahshatlarni hazm qilishga ulgurmagan bir paytda Asad tomonidan o‘marib ketilgani aytilayotgan 135 milliard dollarlik Suriya xalqining boyligi haqidagi xabarlar hammasidan oshib tushdi. Ammo bu miqdor Suriyaning ayni damdagi iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib qaralsa, insonni o‘yga toldirishi mumkin. Chunki ayni damda statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat YAIM salkam 9,5 milliard dollarni tashkil qiladi. Albatta, YAIM 9 milliard dollardan zo‘r-bazo‘r oshadigan 23 million aholiga ega Suriyada 135 milliard dollar qayerdan paydo bo‘ldi degan taajjub shakllanishi tabiiy. 

Chunki bu summa butun boshli Suriya YAIMdan 15 barobarga ko‘p deganidir. Asad “Hayat tahrir ash-Shom” Damashqni egallaganidan biroz oldin Suriyani Rossiya uchoqlari orqali tashlab qochdi va Moskvadan qo‘nim topdi. Putin o‘zining Yaqin Sharqdagi sobiq eng yaqin hamkoriga siyosiy boshpana hadya qildi.  Bu voqealardan biroz vaqt o‘tib, Suriya sobiq prezidenti, Asadlar rejimining so‘nggi vakili Rossiyaga qochganida o‘zi bilan juda yirik miqdordagi milliardlarni shilib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Sobiq rejimning razvedka agentligi a’zosi Xolid Beyning aytishicha, Asad o‘zi bilan 135 milliard dollar olib ketgan.

Qolaversa, muxolifat kuchlari Asad oilasiga tegishli maxfiy tunnellar tarmog‘ini topgan. Bashar Asadning ukasi general-mayor Mohir Asadga qarashli qasr ostidan oltin tashishga moslashtirilgan keng tunnellar tarmog‘i aniqlangani aytilmoqda. Albatta, bu ma’lumotlar hali rasmiy tasdiqlanmagan. Ammo Asad rejimining ichki urush davomida katta iqtisodiy mablag‘larni o‘zlashtirganligi borasidagi mazkur da’volar dunyo hamjamiyatini hayratga solmoqda. 

8 dekabr tongida 53 yillik Asadlar rejimining so‘nggi lahzalari Suriyada keng nishonlandi. Yaqin-yaqingacha terrorchi klan deb nomlanib kelgan “Hayat tahrir ash-Shom” bir zumda suriyaliklar ko‘z o‘ngida ularni Asaddan qutqargan “farishta” bo‘lib ko‘rindi. Bu holat dunyo hamjamiyatida, OAVda ham ularning imijiga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Avval terrorchi guruh, so‘nggi 12 kun ichida esa bosqichma-bosqich isyonchi, qurolli muxolifat va boshqa yumshoq nomlar bilan atalishga muyassar bo‘lgan bu guruh suriyaliklar tomonidan ijobiy qabul qilingani Asad rejimining uzoq yillik xatolaridan dalolat berdi. Saydnaya qamoqxonasidagi “do‘zax” va hali tasdiqlanmagan Asad tomonidan tashib ketilgani aytilayotgan 135 milliard dollar esa bu fundamental xatolarning ko‘zgudagi aksi bo‘ldi. 

Asad rejimiga qarshi bo‘lganlarni qamash uchun ixtisoslashtirilgan Saydnaya qamoqxonasidagi o‘ta ayanchli manzaraga ko‘pchilik guvoh bo‘lib ulgurdi. Ammo Bashar tomonidan “tuya qilingan” 135 milliard dollar haqidagi xabarlar hali o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q. Ammo bordi-yu bu ma’lumot ham haqiqat bo‘lib chiqsa, Bashar Asad suriyaliklar xotirasida abadiy la’nat bilan eslanadi. U ko‘p ehtimol iroqlik Saddam Husayn yoki liviyalik Muammar Kaddafiy kabi achinish va afsus nadomatlar bilan eslanmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Asad Saydnaya qamoqxonasi O'lim lageri Erdagi do'zax

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing