Asad bilan hali uchrashganim yo‘q – Putin
Olam
−
16:44
2810Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni Moskvaga kelganidan keyin hali ko‘rmaganini, lekin u bilan gaplashishni rejalashtirayotganini aytdi. Bu haqda u bugun, 19 dekabr kuni “Vladimir Putin bilan yil natijalari” dasturida ma’lum qildi.
“Prezident Asad Moskvaga kelganidan beri u bilan hali uchrashmadim. Lekin men buni qilishni rejalashtiryapman”, dedi Putin.
Ma’lumot uchun, Asad 8 dekabr kuni muxolif kuchlar Damashqqa kirganidan so‘ng Suriyani tark etgan va Rossiyadan boshpana olgan. 16 dekabrda Bashar Asad bayonot berib, fuqarolar urushi va undan keyingi voqealar davomida iste’foga chiqish yoki boshpana so‘rash imkoniyatini biror marta ham ko‘rib chiqmaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Asad joriy yilning 8 dekabr kuni erta tonggacha Damashqda qolgan va faqat o‘sha kuni kechqurun Suriyani tark etgan. Muxolifat qurolli guruhlari Damashqqa kirib kelganidan so‘ng u Suriyaning Latakiya viloyatiga (Rossiyaning Hmeymim aviabazasi joylashgan) yo‘l olgan. Poytaxtni tark etishi “rossiyalik ittifoqchilar bilan muvofiqlashtirilgan holda va jangovar operatsiyalarni kuzatishni davom ettirish maqsadida” amalga oshirilgan. Kechqurun esa u Rossiyaga uchib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlyov Rossiyada boshpana topgan Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadga fuqarolik berishni taklif qilgandi. Shuningdek, Asad rejimi ag‘darilgach, sobiq prezident Rossiyaga qochganida o‘zi bilan 135 milliard dollar olib ketgani xabar qilindi.