“Artel”ning siyosiy “krыsha”si haqidagi bahs davom etmoqda. Kim jazavaga tushdi?
Jamiyat
−
16 Oktabr 2019
18202Xabaringiz bor, bir necha kun avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev “Artel” monopoliyasi va uning siyosiy suyanchig‘i, “krыsha”si haqida fikrlarini e’lon qilgan edik. Deputat o‘z maqolasida “Kuni kecha “Artel” "Milliy tiklanish" partiyasini tanlaganini angladim. Partiya emas, "Artel" tanladi va monopoliya sari intilishda siyosiy "krыsha"ga ega bo‘ldi rasman. Endi lobbizm bilan rasman shug‘ullanish va qonunchilik orqali de yure monopol bo‘lishga harakat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi”, degan edi. “Milliy tiklanish” Kusharboyevning ayblovlariga jim qarab turolgani yo‘q. U Kusherboyevni O‘zbekiston parlamentidagi eng “o‘jar deputat” deb ta’riflab, quyidagicha javob qaytardi:
“Quyidagi mulohazalarning saylov jarayonlariga yoxud xususiy manfaatlarga hech qanday aloqasi yo‘q, deb hisoblashingizni so‘rayman. Chunki ushbu maqola OAV, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘nlab chiqishlari bilan o‘z saylovchilari e’tiborini qozongan, parlamentda esa “o‘jar deputat” sifatida nom qozongan Rasul Kusherboyevning monopoliya bilan bog‘liq ayrim mulohazalariga munosabat tarzida yozildi, xolos.
Ma’lumki, biron-bir lug‘atda “siyosiy jazava” iborasiga sharh berilmagan. Ammo keyingi paytlarda “Tadbirkorlar manfaatini himoya qilish asosiy vazifamiz” degan chaqiriqlar bilan saylovchilar e’tiborini tortayotgan O‘zLiDeP vakillarining “Milliy tiklanish”ning har qanday xatti-harakatiga qaratilgan kundoshona yondashuvi ijtimoiy-siyosiy mavzudagi lug‘atlarni batamom yangilash vaqti kelganidan dalolat berayotgandek.
Agar yodingizda bo‘lsa, liberallar yetakchisi go‘sht masalasida arzimas “xatocha”ga yo‘l qo‘yganida, partiya nomini tezdan oqlash, qanday qilib bo‘lmasin, “go‘sht” masalasini kun tartibidan chiqarib tashlash vazifasi aynan Rasul Kusherboyev zimmasiga yuklatilgan va u o‘z vazifasini a’lo darajada uddalab, go‘sht iste’moli bilan bog‘liq e’tirozlar oqimini boshqa o‘zanga burib yuborishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Kuni kecha Rasul Kusherboyev zimmasiga navbatdagi nozik topshiriq yuklatilgan ko‘rinadi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, bu safar hurmatli deputatimizga “Artel” kompaniyasi vakillarining “Milliy tiklanish”ga a’zo bo‘lganlari sababini aniqlash va omma orasida ushbu harakatga nisbatan salbiy fikrni shakllantirish vazifasi qo‘yilganmish.
Ishonchimiz komilki, Rasul Kusherboyev partiyaga a’zolik har qanday fuqaroning xohishi asosida amalga oshirilishini, qonunchiligimizda xususiy korxona rahbarlarining ham siyosiy partiyalarning g‘oya va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashi man etilmaganini yaxshi biladi.
Bugun matbuotimizda u yoki bu fuqaroning, hatto, yirik davlat tuzilmalari mutasaddilarining ham o‘zi tanlagan siyosiy kuchlar safiga qo‘shilayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez ko‘zimiz tushyapti. Bu tabiiy hol, albatta. Ammo “Milliy tiklanish” faoliyatidagi yoki saflaridagi har qanday o‘zgarishlar negadir liberallarga esni og‘dirar darajada ta’sir qilayotgan ko‘rinadi.
Rasul Kusherboyev shunday yozadi: “Kuni kecha “Artel” “Milliy tiklanish” partiyasini tanlaganini angladim, partiya emas, “Artel” tanladi va monopoliya sari intilishda siyosiy “krisha”ga ega bo‘ldi rasman. Endi lobbizm bilan rasman shug‘ullanishi va qonunchilik orqali de yure monopol bo‘lishga harakat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi”.
Agar ushbu fikrlarni boshqa bir siyosatchi bildirganida edi, afsuski, yetarlicha ma’lumotga ega emas ekan-da, deya xulosa chiqarish mumkin edi. Ammo maqola muallifi Rasul Kusherboyev...
Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: nega uzoq yillar davomida liberal-demokratlar safiga “Artel” kabi o‘nlab yirik tuzilmalar rahbarlari va ularda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz qabul qilinganda siyosiy “krыsha”lar haqida hech kim gapirmadi?
Tanqid uchun “Milliy tiklanish”ni tanlagan Rasul Kusherboyev xulosalarini to‘g‘ri, deb qabul qilsak, unda Xalq ta’limi vaziri janobi Sherzod Shermatov yaqindan boshlab XDPni, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev esa O‘zLiDePni o‘ziga “krыsha” qilib olgan bo‘lib chiqyaptimi?
Zero, “Artel” kompaniyasida ming-minglab fuqarolarimiz halol mehnat qilib , bola-chaqa boqayotganini, ular ham o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, biron-bir partiyaga a’zo bo‘lishlari mumkinligini ta’kidlashga hojat bo‘lmasa kerak.
Yana bir gap. Ayni paytda bozorlarimizda “Artel”dan tashqari maishiy texnika ishlab chiqaruvchi yana 33 ta korxona borligini ham e’tiborga olish lozim. “Vista”, “S-Smart”, “Mirtech”, “Konig”, “Panda”, “Rosso”lar shular jumlasidandir.
Bugunga kelib, ushbu korxonalar importni qisqartirib, mahalliylashtirish dasturiga o‘tib boryapti.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibida esa bir qator yangi korxonalar ochilmoqda, agar ularning faoliyatiga ham “monopoliya” deb yondashsak, bunda raqobat bo‘ladimi?
Xulosa qilib shuni aytish joizki, liberallarning paydar-pay chiqishlari kuyinchaklikdan, nega tadbirkorlar bizni emas, boshqa partiyani tanlayapti, deya ayyuhannos solishdan boshqa narsa emas.
Rasul Kusherboyev maqolasida qayd etilganidek, ushbu maqolaga nuqta qo‘yilayotganida bizni ham bir savol o‘ylantirib qo‘ydi. Agar “Artel” “Milliy tiklanish”ni emas, O‘zLiDePni tanlaganida ushbu yozishmalar, munosabatlarga aniqlik kiritishlar bo‘larmidi?
Yo‘q, albatta! Chunki boshqa partiyalar bunday masalalarga bag‘rikenglik bilan, halol raqobat nuqtai-nazaridan yondashmoqdalar.
Kimdir qaysidir partiyani tanlagani uchun jazavaga tushib emas”.
LiveBarchasi