Armanistonni bosib olish rejamizda yo‘q – Aliyev
Olam
−
28 fevral
4237Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev mamlakatning Armanistonga hujum qilish niyatida emasligini ma’lum qildi. Bu haqda Aliyev bugun, 28 fevral kuni Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi raisi Xarms Mixael boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilganida aytib o‘tgan.
Qo‘shimcha ravishda, Ozarbayjon Prezidenti Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning noadekvat bayonotlari Ozarbayjonning hafsalasini pir qilayotganini bildirgan.
“Birinchidan, uning bu bayonotlari hech qanday voqelikni aks ettirmaydi va xalqaro huquq normalariga ziddir. Ikkinchidan, Ozarbayjon tomoni bu bayonotlarni mamlakatimizga qarshi yashirin tahdid deb biladi. Shunday qilib, Borrel, agar Ozarbayjon Armanistonga hujum qilsa, buning achchiq oqibatlarini ko‘rishini aytdi. Avvalo, Ozarbayjon Armanistonga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqidagi bu ma’lumotni Borrel qayerdan oldi? Bizning bunday rejalarimiz yo‘q”, degan Ozarbayjon yetakchisi.
Ilhom Aliyevning qayd etishicha, bularning barchasi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning ig‘volaridir.
“Bularning barchasi Ozarbayjonning Armanistonga hujum qilishga tayyorlanayotgani munosabati bilan mamlakatimizni demonizatsiya qilishga asoslangan Fransiyaning bizga qarshi siyosatining bir qismidir. 2023 yil sentyabrida Armaniston bilan chegaradagi so‘nggi jiddiy keskinlikdan so‘ng, joriy yilning fevraligacha chegarada vaziyat tinch edi. Biroq, fevral oyida arman snayperi ozarbayjon askarini og‘ir yaralaganidan so‘ng, biz bunga o‘z vaqtida va to‘g‘ri javob qaytarishga majbur bo‘ldik", deya qo‘shimcha qilgan Aliyev.
Unga ko‘ra, Ozarbayjonning javob hujumi bir necha daqiqa davom etgan va Armaniston ozarbayjonliklarni o‘ldirishga urinish jazosiz qolmasligini tushunishi uchun yetarli bo‘lgan.
"Shuning uchun Borrel va Makronning bu ma’lumotlari xom-xayoldan boshqa narsa emas", degan Aliyev.
Shuningdek, Ilhom Aliyev Ozarbayjon tinchlik jarayoni tarafdori ekanini urg‘ulagan.
“Aniqrog‘i, biz ikkinchi Qorabog‘ urushi tugaganidan keyin tinchlik muzokaralari tashabbusini o‘z qo‘limizga oldik. Darhaqiqat, biz tinch yo‘l bilan hal qilishning 5 ta asosiy tamoyilini ishlab chiqdik va tinchlik bitimi matni loyihasini taqdim etdik. Xo‘sh, agar biz tinchlikni xohlamasak, nega bularning barchasini yaratdik?!” deya o‘rtaga savol tashlagan u.
Eslatib o‘tamiz, bugun Germaniyada Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jayhun Bayramov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar qilgan edik. Endilikda Tashqi ishlar vazirlarining Germaniya TIV rahbari ishtirokida uch tomonlama formatdagi uchrashuv shaklida davom etayotgani e’lon qilindi.
LiveBarchasi