Armanistonlik siyosatchi ochlik e’lon qildi
Olam
−
23 noyabr 2020
7279Armanistonning “Dashnaksutyun” muxolifat partiyasi vakili, “Yerkir Media” telekanalining axborot-tahlil xizmati direktori Gegam Manukyan bugun, 23 noyabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilib, muddatsiz ochlik e’lon qilayotganini ma’lum qildi.
“Men Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilib, muddatsiz ochlik e’lon qilaman”, deb yozgan Manukyan o‘zining Facebook sahifasida. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat va Bosh vazirning buzg‘unchi siyosati tufayli arman xalqi o‘z Vatanining bir qismini yo‘qotdi. Manukyanning fikricha, amaldagi rasmiylar mamlakatda biror narsani o‘zgartira olmaydi. Ular muzokaralar olib borish va Qorabog‘ masalasida iloji boricha qulay shartlarga erishishga qodir emas.
Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar. Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab olgan pozitsiyalarida to‘xtashadi, keyin bir qator mintaqalar Baku nazorati ostiga o‘tadi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 noyabr kuni tushdan keyin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilayotgan muxolifat faollari Yerevanning bir nechta markaziy ko‘chalarini to‘sib qo‘ydi.
“Nikol xoin! Nikol ketishi kerak!”, deya talab qildi Armaniston Bosh vazirining iste’fosini qo‘llab-quvvatlovchilar.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi