Armanistonda saylov natijalari ma’lum bo‘ldi. Pashinyan yana g‘olib

Olam

image
0:00
0:00
download

Avval xabar berganimizdek, kecha, 20 iyun kuni Armanistonda Milliy majlisga (bir palatali parlament) muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tdi.  

Saylovlarda Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi g‘alaba qozondi, buni mamlakatdagi barcha — 2008 ta saylov uchastkalarida ovozlarni hisoblash natijalari tasdiqladi.  

Milliy Saylov Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Pashinyan tarafdorlari 53,92 foiz, Armanistonning eks-prezidenti Robert Kocharyan bloki esa 21,04 foiz ovoz to‘plagan. Uchinchi o‘rinni Armanistonning sobiq Prezidenti Serj Sargsyanning bloki 5,23 foiz ovoz bilan egallagan, u parlamentga kirish uchun 7 foizlik to‘siqdan o‘tishi kerak edi. Taniqli tadbirkor Gagik Sarukyanning “Obod Armaniston” partiyasi 3,96 foiz ovoz to‘plagan. Ushbu partiya uchun o‘tish chegarasi besh foizni tashkil etgan. 

Kocharyan bloki saylov natijalarini shubhali deb atagan. 

“Ular o‘tgan sakkiz oy ichida biz ko‘rgan jamoat hayotining turli xil ko‘rinishlaridan keskin farq qiladi”, degan uning bloki. 

Eslatib o‘tamiz, Armanistonda o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan siyosiy inqiroz fonida Bosh vazir va parlamentda vakili bo‘lgan partiyalar rahbarlari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga kelishib olgandi. 

Joriy yilning 10 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda deputatlar parlamentni tarqatib yuborishni qonuniy ravishda amalga oshirish uchun zarur rasmiyatchiliklarga rioya qilgandi. Shundan so‘ng, mamlakat Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin saylovlar kunini 20 iyunga belgilagandi.

Ma’lumot uchun, Nikol Pashinyan 2018 yil 8 may kuni Armaniston Bosh vaziri etib saylangandi. 2018 yil 16 oktyabrda esa iste’foga chiqqan. Biroq bu rasmiyatchilik uchun amalga oshirildi. Shu orqali mamlakat parlamenti tarqatib yuborildi va 2018 yil 9 dekabr kuni muddatidan oldin saylovlar o‘tkazildi. Unda Pashinyanning “Mening qadamim” bloki g‘alaba qozondi. 2019 yil 14 yanvarda u yana Bosh vazir etib tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston Pashinyan

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing