Armanistonda harbiylar Bosh vazirdan iste’fo talab qildi. Pashinyan darrov javob qaytardi
Olam
−
25 fevral 2021
8587Armaniston armiyasi mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qildi.
Manbaga ko‘ra, bir kun oldin Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan Pashinyanning taklifiga binoan, Bosh shtab rahbarining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryanni ishdan bo‘shatgan.
Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Xachatryan Hukumat rahbarining "Iskander" majmualari haqidagi so‘zlarini masxara qilgan.
"Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari asossiz sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatilgani munosabati bilan o‘z noroziligini bildirmoqda, bu ish davlat manfaatlarini hisobga olmasdan, faqat shaxsiy va iddaoga asoslangan hissiyotlarga asoslanib amalga oshirildi. Bunday qaror mamlakat uchun qiyin bo‘lgan hozirgi sharoitda davlatga qarshi va mas’uliyatsiz qadamdir", deyilgan harbiy bayonotda.
Bosh shtab, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi rahbarini o‘z xalqiga qarshi kuch ishlatishdan ogohlantirgan.
Pashinyan armiya Hukumatni iste’foga chiqishini talab qilgandan so‘ng Armaniston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyanni ham lavozimidan ozod qildi.
Pashinyan voqealarni davlat to‘ntarishiga urinish deb atagan va o‘z tarafdorlarini Yerevandagi Respublika maydoniga kelishga chaqirgan.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning kuzida Tog‘li Qorabog‘ masalasida Baku bilan sulh imzolanganidan keyin Pashinyanning reytingi keskin pasayib ketdi. Sulhga ko‘ra, Yerevan Kelbajar, Lochin va Ag‘dam tumanlaridan voz kechishi kerak edi. Shundan so‘ng Armaniston poytaxtida norozilik namoyishlari boshlandi.