Armaniston yil oxirigacha Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasi imzolashi mumkin

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan agar Baku Stepanakert (o‘z-o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, dunyo davlatlari tomonidan tan olinmagan Arsax yoki Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi) bilan aloqa o‘rnatsa, Ozarbayjon bilan shu yilning oxiriga qadar tinchlik shartnomasini imzolashga rozi bo‘ldi. Bu haqda “Izvestiya” xabar berdi.

“Agar Boku-Stepanakert muloqoti boshlansa, bu yil oxirigacha tinchlik shartnomasini imzolash uchun imkoniyat bo‘ladimi? Men shunday deb o‘ylayman”, degan u matbuot anjumanida.

Shuningdek, Pashinyanning aytishicha, tinchlik shartnomasida uchala tomonni ham birdek qanoatlantiruvchi shartlar bo‘lishi dargumon.

“Tinchlik shartnomasida Armaniston ham, Ozarbayjon ham, Tog‘li Qorabog‘ ham rozi bo‘ladigan band bo‘lishi ehtimoli juda past”, degan Pashinyan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerevan va Baku o‘zaro hududiy yaxlitlikni tan olish bo‘yicha kelishib olgandi. Shuningdek, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan armanlar xavfsizligi ta’minlangan taqdirda (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Qorabog‘ urushi 

2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.

2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing