Armaniston va KXSHT o‘rtasidagi munosabatlar ortga qaytmas nuqtadan o‘tdi – Pashinyan
Olam
−
04 dekabr
3512Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) doirasida qabul qilinayotgan hujjatlarga qiziqish bildirmaydi va Yerevan bilan tashkilot o‘rtasidagi munosabatlar ortga qaytmas nuqtadan o‘tgan. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan parlamentda qilgan chiqishida so‘z ochdi.
“Biz munozaralar va qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaymiz, lekin veto ham qo‘llamaymiz, chunki biz o‘zimizni KXSHTdan tashqarida deb hisoblaymiz. Ular nimani xohlasa, shuni qilsin. Vaziyat Armanistonning KXSHTga qaytishini tobora qiyinlashtirmoqda, hatto buni imkonsiz qilmoqda. O‘ylaymanki, biz ortga qaytmas nuqtadan o‘tdik”, dedi Pashinyan.
Ma’lumot uchun, Pashinyan bir necha bor KXSHTni Armaniston va Ozarbayjonning Qorabog‘dagi mojarosida yordam ko‘rsatmagani uchun tanqid qilgan. Joriy yilning fevral oyida u Armanistonning KXSHTdagi a’zoligini muzlatib qo‘yganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Pashinyan tashkilotdan chiqish ehtimolini ham tilga olgan. Keyinchalik u hatto KXSHTni Armaniston milliy xavfsizligiga tahdid sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, Nikol Pashinyan noyabr oyida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan KXSHT sammitida qatnashishdan voz kechgan edi.
LiveBarchasi