Armaniston o‘z hududida AQSH bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulot boshladi
Olam
−
11 Sentabr 2023
4857Bugun, 11 sentyabr kuni Armaniston AQSH tinchlikparvar kuchlari bilan “Eagle Partner 2023” qo‘shma mashg‘ulotlarini boshladi. Bu haqda AQSH armiyasining Yevropa va Afrikadagi qo‘mondonligi vakili ma’lum qildi.
"Eagle Partner mashg‘ulotlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi”, degan AQSH vakili.
AQSH armiyasining ismini oshkor etmagan rasmiysiga ko‘ra, marosim Yerevan yaqinidagi Zar o‘quv markazida bo‘lib o‘tgan. Mashqlarda 85 nafar amerikalik, 175 nafar armanistonlik harbiy xizmatchilar qatnashmoqda.
Armaniston Mudofaa vazirligi mazkur qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar 20 sentyabrgacha davom etishini ma’lum qilgan.
AQSH armiyasining Yevropa va Afrikadagi qo‘mondonligi mashg‘ulotlari har ikki davlatga “taktik darajadagi munosabatlarni o‘rnatish” va tinchlikparvar operatsiyalar uchun bo‘linmalarning “o‘zaro muvofiqligini” oshirish imkonini berishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon qo‘shinlarini Armaniston bilan chegarada jamlaganini iddao qilgandi. Ozarbayjon tomoni esa buni rad etib, aksincha Armaniston o‘z qo‘shinlarini Ozarbayjon bilan chegara yaqiniga to‘playotganini da’vo qilgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Armaniston va AQSH o‘rtasidagi harbiy mashg‘ulotlar mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam bermasligini aytgandi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan G20 sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya Armaniston rahbariyatining AQSH bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish niyatidan afsusda ekanini bildirgandi.
LiveBarchasi