Armaniston tomoni Rossiya tinchlikparvar kuchlarini o‘qqa tutdi (video)
Olam
−
16 iyun 2023
15242Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya tinchlikparvar kuchlari hamrohligida bayroq o‘rnatayotgan Ozarbayjon askarlarining Armaniston chegarachilari tomonidan o‘qqa tutilgani aks etgan video tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea ikki mamlakat chegarasidagi Xakari ko‘prigida kecha, 15 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:40 da sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida bir nafar Ozarbayjon askari yaralangan.
Armaniston tomoni Ozarbayjon harbiylari bayroqni Armaniston hududiga o‘rnatmoqchi bo‘lganini da’vo qilmoqda.
“Ozarbayjon chegara xizmati harbiy xizmatchilari guruhi Armaniston Respublikasi hududida bayroq o‘rnatish maqsadida Xakari ko‘prigi yo‘nalishida yurishga harakat qildi. Armaniston tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Ozarbayjon harbiy xizmatchilarining oldinga siljishi va Armaniston Respublikasi hududida bayroq ko‘tarishga urinishining oldi olindi”, deyiladi mamlakat Milliy xavfsizlik xizmati bergan bayonotda.
Armaniston Mudofaa vaziri Suren Papikyan mamlakat parlamentidagi nutqida mazkur holatni 15 iyun – Armaniston Davlat ramzlari kuni bilan bog‘lagan hamda Ozarbayjon tomonining bundan maqsadi vaziyatni keskinlashtirish va arman tomoniga buzg‘unchi pozitsiyani tirgash ekanini ta’kidlagan.
Armaniston Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Edmon Marukyan esa o‘zining Twitter sahifasida buni “Ozarbayjon Qurolli kuchlarining yangi provokatsiyasi”, deb atagan.
O‘z navbatida Ozarbayjon tomoni rasmiy Yerevanning da’volarini rad etib, mamlakat chegarachilari bayroqni o‘z hududida o‘rnatganini ma’lum qilgan. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Xojizoda o‘zining Twitter sahifasida 15 iyun kuni “Lochin” o‘tish punkti yaqinida mamlakat harbiy xizmatchilariga qarata o‘q uzilganini yozgan hamda ular Ozarbayjonning suveren hududida bayroq o‘rnatayotgan bo‘lganini ta’kidlagan.
“Ozarbayjon harbiylariga qarata o‘q uzilgan ko‘prik Ozarbayjon tomonidan qurilgan. Shu bilan birga Armanistonning Ozarbayjon bayrog‘i Armaniston hududida ko‘tarilganligi haqidagi da’volari mutlaqo asossiz”, deb yozadi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston qurolli kuchlari davlat chegarasi hududida provokatsiya qo‘zg‘ash maqsadida jangovar drondan foydalanganini da’vo qilgandi.