Armaniston Tashqi ishlar vaziri Lavrov bilan “dardlashdi”
Olam
−
14 aprel 2023
4508Bugun, 14 aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi doirasida Armaniston va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Sergey Lavrov uchrashib, Armaniston-Ozarbayjon chegarasi va Lochin yo‘lagidagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda Armaniston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
“Tashqi ishlar vazirlari Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, chegaralarni demarkatsiya qilish va xavfsizlik masalalari, mintaqadagi barcha iqtisodiy va transport aloqalarini blokdan chiqarish, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha fikr almashdilar. Ararat Mirzoyan Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan 11 aprel kuni Armaniston Respublikasining Tex Syunik qishlog‘i yaqinida sodir etilgan provokatsiya tafsilotlarini taqdim etdi”, deyiladi bayonotda.
Vazirlar Ozarbayjon tomonidan to‘rt oydan beri davom etayotgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘yilishi ortidan (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘da vujudga kelgan vaziyatni muhokama qilgan.
“2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonotga muvofiq, Lochin yo‘lagi blokadasini tugatish zarurligi ta’kidlandi. Uchrashuvda tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tdilar”, deya qo‘shimcha qilgan Armaniston TIV.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni Tex qishlog‘i yaqinida (Ozarbayjon tomoni uni “Dig” deb ataydi) otishma oqibatida har ikki tomonning ma’lumotlariga ko‘ra, yetti nafar askar halok bo‘lgandi. Armaniston rasmiylari Ozarbayjon bilan chegara yaqinida “muhandislik ishlarini” olib borayotgan askarlar o‘qqa tutilganini ma’lum qildi. Ozarbayjon tomoni esa dushmanni Lochin yo‘nalishidagi pozitsiyalarni intensiv o‘qqa tutishda aybladi.
2022 yil dekabrida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan yagona yo‘l bo‘lmish Lochin yo‘lagini butunlay to‘sib qo‘ydi. Armaniston qo‘shinlari 2020 yilda Lochin yo‘nalishidagi o‘z pozitsiyalarini tark etgan, bir vaqtning o‘zida Rossiya u yerda tinchlikparvar kontingentini joylashtirgan.
LiveBarchasi